Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov mamlakatimizning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida chorvachilikni rivojlantirishda hamkorlik Memorandumi imzolanishini jadallashtirish, mamlakatimizda chuchuk suvda yashovchi baliqlarni ko‘paytirish loyihalariga investitsiya jalb etish, podshohlikning Qosim viloyatidagi bo‘taloqlar embrionini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik markaz bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonga naslli tuya embrionlarini import qilish va naslli gen mahsulotni yurtimizda yetishtirishga ixtisoslashgan hamkorlikdagi naslchilik markazini tashkil etish muhokama qilindi.
Elchining aytishicha, Ar-Riyod shahridagi Xalqaro tuyachilik tashkiloti Bosh kotibi Muborak as-Suvaylim markaz faoliyati bilan tanishish, tajriba almashish, ikki tomonlama hamkorlik qilish uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislarining Saudiyaga tashrifini uyushtirishga, shuningdek, mamlakatimizga naslli tuyalarni yetkazib berishga tayyor ekanligini bildirgan.
Naslli tuya embrionlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bunday markazning umumiy loyiha qiymati 27 mln. AQSH dollari bo‘lib, unda 160 turdagi laboratoriya tahlillarini o‘tkazadigan 60 dan ortiq zamonaviy jihozlar, bir vaqtning o‘zida 144 bosh tuyani ko‘rikdan o‘tkaza oladigan tekshirish zali va 4 ming bosh tuyani bir vaqtda davolay oladigan texnik imkoniyatlar mavjud.
Markazda embriologiya va naslchilikni yaxshilash sohasida ham tadqiqotlar olib boriladi. O‘rtacha 25-30 yil umr ko‘radigan bir bosh urg‘ochi tuya, odatda umri davomida 7 bosh bo‘taloq bersa, markazdagi tadqiqotlardan keyin bir mavsumning o‘zida 7 boshgacha ko‘paytirishga erishiladi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
axborot xizmati