O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili, elchi Ketrin Tay bilan uchrashdi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish va ikki tomonlama munosabat kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.
AQSH Kongressining GSP imtiyoz tizimi dasturini faollashtirish va yangilash bo‘yicha sa’y-harakati qo‘llab-quvvatlanishi aytildi. O‘zbekistondan eksportni diversifikatsiya qilish jarayonida GSP roli e’tirof etildi. Elchi Tay yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Raqamli savdoni rivojlantirish maqsadida qonunchilikni uyg‘unlashtirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorlik bildirildi.

Amerika tomoni O‘zbekiston JSTga a’zolik yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilayotganini e’tirof etib, respublikadagi savdo rejimini JST qoida va tamoyiliga muvofiqlashtirishga qaratilgan ishlar qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Tay xonim intellektual mulk huquqini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi barqaror ijobiy o‘zgarishlar tufayli O‘zbekiston Maxsus 301 kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilgani eslatdi. Bu borada yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ma’qullandi.
Ta’kidlanganidayek, oshkoralik va o‘zaro maslahatlashuv yanada samarali me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish, notarif to‘siqlarning oldini olish va bunday holatlarni kamaytirish, xalqaro savdo majburiyatiga rioya etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi. Shuningdek, iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligini oshirish va investitsiya jalb qilishga xizmat qiladi.
G.Sattorova, O‘zA