–Prezident Shavkat Mirziyoyevning hozirgi rasmiy tashrifi davlatimiz rahbarining so‘nggi 20 yil ichidagi ushbu mamlakatga ilk safari, – deydi Favqulodda va muxtor elchi Karomidin Gadoyev “Bernama” axborot agentligiga bergan intervyusida. – Bu tarixiy tashrif bo‘ladi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu davlatimiz yetakchisining, umuman, Janubi-sharqiy Osiyoga birinchi safari. Mazkur tashrif doirasida Kuala-Lumpurda Bosh vazir Anvar Ibrohim bilan muzokaralar, yetakchi mahalliy kompaniyalar yuqori lavozimli rahbarlari bilan uchrashuvlar, qo‘shma biznes-forum va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan. Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo, sarmoya, innovatsiya, texnologiyalar, neft-kimyo, elektronika, yashil energiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, sheriklik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma bayonot va kelishuvlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Diplomatimiz tashrif oldidan Malayziyada O‘zbekistonning sayyohlik va madaniy merosi salohiyatini namoyish etish, oliy ta’lim sohasini birgalikda chuqurlashtirishga qaratilgan qator tadbirlar uyushtirilganini qo‘shimcha qildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA