-
Qohiradagi elchimiz Mansurbek Qilichev Yaqin Sharq axborot agentligi (MENA)ga bergan maxsus intervyusida Misr Arab Respublikasi O‘zbekistonning Afrika va Yaqin Sharqdagi asosiy hamkori ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari 2023 yil uch marta telefon orqali muloqot qilgani, o‘tgan yil oktyabr oyida Rossiyaning Qozon shahrida va joriy yil Moskvada ham muzokara o‘tkazganiga urg‘u berdi. Ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish uchun aloqani jadal davom ettirish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish muhimligi, parlament hamkorligini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakat doirasida “O‘zbekiston-Misr” va “Misr-O‘zbekiston” deputatlik do‘stlik guruhlari tashkil etilgani, 2024 yil 27 oktyabr kuni yurtimizda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Senat raisi o‘rinbosari Fibi Favziy boshchiligidagi Misr parlamenti delegatsiyasi xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini ta’kidladi.
Diplomatimiz Misr Vakillar palatasi spikeri, maslahatchi Hanafiy Al-Jabaliy joriy yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoq Bosh Assambleyasi 150-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni tashrif doirasida Hanafiy Al-Jabaliyni qabul qilganiga ham urg‘u bergan.
Mansurbek Qilichev intervyusida qayd etganidek, o‘tgan yil sentyabrda Toshkent mezbonlik qilgan O‘zbekiston va Misr tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvning 11-davrasi, mart oyida Jidda shahrida respublikamiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Misr tashqi ishlar vaziri doktor Badr Abdula’tiy o‘rtasida ham muzokara bo‘lib o‘tgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi savdo ayirboshlash qiymati 2024 yil 46,1 million dollarga yetgan, joriy yil birinchi besh oyida esa bu ko‘rsatkich 22,4 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonning Misrga eksporti 11,2 million dollar. Jumladan, sayyohlik xizmati, to‘qimachilik, elektr jihozlari, mis va chorvachilik mahsulotlari savdosida sezilarli o‘sishga erishilgan.
O‘zaro tovar ayirboshlash, ayniqsa, Misr sitrus mevalari va farmatsevtika mahsulotlarini ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjud. Ayni payt Misr portlarida O‘zbekiston tovarlari uchun omborlar ochish istiqboli o‘rganilyapti. Bundan tashqari Iskandariya va Port Saiddagi erkin iqtisodiy zonalarda sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘tgan yil dekabr oyida Toshkentda O‘zbekiston-Misr qo‘shma hukumat komissiyasi yettinchi majlisida tomonlar to‘rt memorandum va kelishuv imzolagan. Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi qo‘shma hukumat bitimi loyihasini ishlab chiqish jarayoni ham boshlangan. Bu qadamlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatning faqat bir qismi.
Diplomat joriy yil Misr kompaniyalari yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etishdan, har ikki mamlakat kichik va o‘rta korxonalar hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida raqamli savdo maydonchalari tashkil etishdan manfaatdorligini alohida ta’kidladi. Toshkent Misrning qishloq xo‘jaligi, elektronika, farmatsevtika va turizm kabi sohalardagi tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini yuksak qadrlashi, bu ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishiga to‘xtaldi.
Qo‘shma loyihalarga kelsak, “Nil shakar kompaniyasi” Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida qand lavlagi va shakar yetishtirish bilan bog‘liq to‘liq turkum tashkil etish bo‘yicha kamida 300 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi boshlangan. Bu tashabbus qand lavlagi yetishtirish, 50 000 gektar lalmi yerni o‘zlashtirish, 100 gektar maydonda yillik quvvati 200 000 tonnalik shakar zavodi qurishni o‘z ichiga oladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, “Orascom Investment” konchilik va geologiya sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida. O‘zbekistondagi salohiyatli foydali qazilma konlari, xususan Navoiy viloyatidagi “Shimoliy Bokanto” mis konida geologik qidiruv ishlari allaqachon boshlangan. Bundan tashqari “Bell Energy” kompaniyasi Toshkent viloyatidagi suv nasos stansiyalarini modernizatsiya qilmoqda. “Al-Aseel” kompaniyasi bilan hamkorlikda Namangan va Jizzax viloyatlarida asalni qayta ishlash korxonasi barpo etiladi. Shuningdek, “Polyserve Group”, “EgyTriad”, “Mina Pharma” va “EGSL” kabi Misrning yetakchi kompaniyalari bilan ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Turizm sohasiga to‘xtalgan elchimiz 2024 yil O‘zbekistonga kelgan misrlik sayyohlar soni 2600 nafarga yetganini ta’kidladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA