Andijon viloyati Izboskan tumanida BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti loyihalari doirasida Norvegiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Djon Mikal Kvisted, BMT Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Endryu Grey va vakolatxona xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha tuman idoralararo komissiyasi a’zolari, viloyat adliya boshqarmasi vakillari, oila va xotin qizlar, ichki ishlar, kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, loyiha faollari ishtirok etdi.

Xalqaro migratsiya tashkilotining “Ayol va migratsiya” loyihasi koordinatorlari “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy huquqiy-qo‘llab quvvatlash markazi rahbari Xolidaxon Mirzarahimova hamda O‘zbekiston Ayollar va qizlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi loyihalar koordinatori Karimaxon Asomutdinovaning loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natija, yutuq va muammolar xususidagi taqdimotlari bilan tanishildi.

– Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ushbu ijtimoiy loyiha Izboskan tumanida norasmiy migratsiya va odam savdosining oldini olish, migratsiya jarayonlarida qatnashgan xotin-qizlarga nisbatan salbiy qarashlarni kamaytirish, xorijdan turli muammolar bilan qaytgan opa-singillarimiz bandligi ta’minlanishiga yordam berdi, – deydi “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy huquqiy-qo‘llab quvvatlash markazi rahbari Xolida Mirzarahimova. – Ya’ni xorijiy migratsiyadan qaytgan 15 nafar ayolga huquqiy-psixologik yordamlar ko‘rsatildi, ular tikuvchilikka o‘qitilib, bandligi ta’minlandi.

Ishtirokchilar tomonidan taqdimotlar, umuman, mazkur loyihaning natija va samaralari xususida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Loyiha ijrosi bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi. Elchi hamda BMT Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i loyiha ijrochilariga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv yakunida mehnat migratsiyasidan qaytgan, o‘qib, hunar o‘rgangan 15 nafar ayolga tikuv dastgohlari, tikuvchilik bilan shug‘ullanish uchun zarur jihozlar topshirildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari