Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elchi: Kuvaytliklar O‘zbekistonni qaytadan kashf qiladi
18:46 / 2025-07-08

8 iyul – Kuvayt bilan diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun

Mamlakatimizning Kuvaytdagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Kuvaytning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari, sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Elchimiz Ayubxon Yunusov O‘zbekiston Kuvayt bilan munosabatni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratishini ta’kidladi. Yurtimizning boy tarixi, qadimiy Ipak yo‘lidagi maftunkor yodgorliklari xorijlik sayyohlar uchun noyob va istiqbolli tanlov ekanini eslatdi.

Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan, ikki tomondan 90 ga yaqin sayyohlik kompaniyasi ishtirokida “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” mavzusida o‘tayotgan forum oldidan “Al-Jarida” nashriga bergan bayonotida A.Yunusov mazkur anjuman respublikamizning Kuvaytdagi salohiyatini ta’minlashda muhim bosqichligini qayd etdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm hamkorligi jadal o‘sish sur’atini namoyish etayotgan bir payt qadimiy islom merosini zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘unlashtirgan Samarqand, Buxoro, Toshkent kabi qadimiy shaharlarimizni kashf etish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekiston hukumati akkreditatsiyadan o‘tgan sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikda Kuvayt fuqarolari uchun ham qo‘shimcha qulayliklar, jumladan soddalashtirilgan viza tartib-taomili va moslashtirilgan turistik jamlanmalari taqdim etishga intilayotganiga urg‘u berdi.

Kuvaytni Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi mamlakatlariga mahsulotlarimiz eksporti uchun darvozaga aylantirish imkoniyati yuqori. Bu jarayonda tovarlarimiz tarqatiladigan mintaqaviy markaz, jumladan oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm va gilam omborlari barpo etish muhim. Zero, ushbu arab davlati bugungi kunda mintaqadagi muhim hamkorimiz sifatida ko‘rilyapti. Ishbilarmonlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish, qo‘shma loyihalarni rag‘batlantirishda esa ikki tomon Savdo-sanoat palatalari muhim o‘rin tutadi.

– Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlar va tomonlar o‘zaro taqdim etayotgan istiqbolli imkoniyatlar sarmoyasiga asoslangan strategik sheriklikning yangi bosqichiga intilamiz, – deya so‘zini yakunlagan Elchi.

Yig‘ilganlarga O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, tashqi savdoni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, erkin iqtisodiy zonalar va sanoat hududlari faoliyati, xorijiy investorlar va importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ham ma’lumot berildi.

Hududlar turli sohada sarmoyaviy loyihalar amalga oshirish imkoniyatiga egaligi aytildi. Xorijiy investorlar o‘z kapitali asosida yoki mahalliy sheriklar bilan birga qo‘shma biznes loyihalari amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Kuvayt biznesi O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chaqirildi.

O‘zbekistondan meva eksportini ko‘paytirishga e’tibor qaratildi. Elchixona sa’y-harakati bilan 2024 yil ilk bor 20 tonna meva Kuvaytga jo‘natilgani ma’lum qilindi. Bu yo‘nalishda sheriklikni mustahkamlash uchun zarur ko‘mak ko‘rsatilishi tasdiqlandi.

Kuvayt tomoni O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, ommabop turizm yo‘nalishlari hamda boy madaniy va tarixiy merosi bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilmoqda. Jumladan, joriy yil 1 iyundan boshlab Kuvayt fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani haqidagi ma’lumot tadbir qatnashchilari tomonidan mamnunlik bilan kutib olindi.

“Kuwait Investment Co.” vakili Talol Ar-Rashdon diyorimizga safari va mavjud investitsiyaviy muhitga to‘xtaldi.

– O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati juda yuqori, bu zaminda turli loyihalar amalga oshirish uchun barcha imkoniyat mavjud, – dedi u. – Shuningdek, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik sayyohlar respublikaning turli hududlarini ziyorat qilishi uchun sharoit yaratadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA