Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziz Rahmonzodani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki birodar mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi sababli bugungi kunda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari jadal rivojlanayotgani, yangi yo‘nalishlarni qamrab olib, amaliy mazmun bilan boyiyotgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida Buxoro va Tojikiston o‘rtasida madaniy-gumanitar va iqtisodiy-ijtimoiy aloqalar tobora rivojlanib bormoqda.
Xususan, bugungi kunda viloyat tadbirkorlari tomonidan Tojikiston Respublikasi kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘ndan ortiq qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2024 yilda viloyat bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 14 million dollarni, jumladan, eksport hajmi 10 million dollarni, import hajmi esa 4 million dollarni tashkil etdi. Yaqin yillarda tashqi savdo ko‘rsatkichini 100 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi elchi bilan muloqot davomida o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, ta’lim-fan sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini bir necha karra oshirish borasidagi qator takliflarni bildirdi. Bunda ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni izchil rivojlantirishda elchining shaxsiy hissasi alohida bo‘lishini e’tirof etdi.

Abdujabbor Aziz Rahmonzoda viloyat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishga doim tayyor ekanligini ta’kidladi.
Hamkorlikda G‘ijduvondagi Sadriddin Ayniy uy-muzeyini turistik marshrutga kiritish, buning uchun, bu yerda boshlangan qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, Buxoroda Tojikiston, Tojikistonda esa Buxoro madaniyati kunlarini tashkil etish, universitetlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, institutlarda o‘quv markazlari tashkil qilish, Buxorodan Xo‘jandga muntazam avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, Buxoro viloyati bilan Xatlon viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, Buxoro va Panjakent shaharlari o‘rtasida “Birodarlashgan shaharlar” memorandumini qabul qilish, hududlararo investitsiya forumlarini o‘tkazish kabi qator masalalarda takliflar muhokama etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.