Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
El-yurtni, xalqni ma’rifat asraydi
10:47 / 2022-09-29

Insoniyatning qadr-qimmati ilm bilan hosil bo‘ladi. Haqiqiy ilm odamzodga zarar keltirmaydi. Ilmni qunt bilan o‘rganish, uni egallash, ilmni izlash, topish, xulosalar chiqarish, o‘rni kelganda boshqalarga o‘rgatish oliy san’at namunasidir. Ustoz-muallimlik – ulug‘ maqom, betakror yuksaklik. Zero, muallim so‘zining ma’nosi ham ziyo tarqatuvchi, ilm o‘rgatuvchi, ta’lim beruvchi, ezgulikka boshlovchi demak. Haqiqiy ustozlar millati, irqi, ijtimoiy holati, tili, dinidan qat’i nazar, hamisha insoniyatni ezgulik yo‘liga chorlashgan. Saboq berish mas’uliyatini zimmaga olmoq, muallimlik rutbasini kiymoq, ustozlik maqomiga erishmoq o‘ta mashaqqatli, ayni paytda ulug‘likka daxldor, inson umrini yuksak sharafga erishtiruvchi bebaho kasb ekanligini ko‘rsatadi.

Ilm – tafakkur ozig‘i, insoniyatni har qanday nodonlikdan asrab qoluvchi qalqon. Insoniyatning chin ma’nodagi baxt-saodatga erishuvi, taraqqiyoti ilm bilandir. Dunyoda ilmlar ko‘p va xilma-xil. Istalgan sohadagi ilm ustozning sa’y-harakati bilan egallanadi. Hatto muqaddas kitoblarda ham o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlar ulug‘lar bilan bir qatorda turishi, ularning bir soatlik ilm o‘rgatmoqliklari yuz soatlik toat-ibodatdanda balandroq turishi alohida e’tirof etilgan. 

Imom Termiziydan keltirilgan rivoyatda: “…farishtalar, osmonu yer ahli, chumolidan tortib suvdagi baliqqacha odamlarga  yaxshilikka undovchi  ta’lim beruvchiga salavot aytishi” bildirilgan. Demak, ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish savoblarga to‘la amal hisoblanadi. 

Inson dunyoga kelgan kunidan boshlab o‘rganishni boshlaydi. Asta-sekin  bu uning tabiiy ehtiyojiga aylanadi. Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining bunyodkorlari, ma’rifat, ma’naviyat bog‘ining yaratuvchilari ekanligiga shubha yo‘q. Ular ijtimoiy hayotdagi har bir bolaning to‘laqonli shaxsga aylanishi uchun mashaqqatlarga to‘la, zahmatli  mehnatni zimmalariga olishadi. Shu bois shogird tiriklik bog‘ining niholiga, ustoz esa shu bog‘ning parvarishkori, bog‘boniga mengzaladi. Ustoz ba’zan farzandlariga ko‘rsatolmagan mehrni, yaqinlariga ajratolmagan vaqtini shogirdiga baxsh etadi. 

Insoniyatning ma’naviy dunyosini tartibga soluvchi, uning yo‘lini ezgulik tomonga yo‘naltirib turuvchi, ilm mash’alasini ko‘tarib shogirdlarni izidan ergashtira oluvchi ham muhtaram ustoz-muallimdir.  

Milliy istiqlolga erishganimizdan keyin O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq oktyabr oyining birinchi yakshanbasi xalq ta’limi xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelingan bo‘lsa, 1996 yilning 27 dekabrida “O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq 1 oktyabr butun respublika  ustoz va murabbiylarining kasb bayrami sifatida rasman e’tirof etildi. bugungi kunga kelib ushbu ayyom faqatgina o‘qituvchilik kasbi egalarining emas, balki butun millatning umumxalq bayramiga aylandi. Zotan, millatning, xalqning ertasi, taraqqiyoti (va yoki tanazzuli ham) aziz ustozlar qo‘lida. Shunday ekan, ularni sharaflagan sayin, qadrlagan sayin buyuk kelajagimizni kafolatlab boraveramiz. 

Jamiyatda ustoz muallimlarni yetarli darajada hurmatlamay, haqlarini munosib ravishda ado qilmay turib, farzandlarimizdan el-yurt, jamiyat, qolaversa, butun dunyo uchun foydasi tegadigan yetuk shaxslarni kutish mumkin bo‘lmaydi. 
Taniqli o‘zbek adibi O‘tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida ustozlarni charxpalakka o‘xshatganliklarini o‘qigandim. O‘quvchilar esa suvga mengzaladi… Ustoz-muallim o‘quvchilarni charxpalak singari pastdan yuqoriga chiqarib qo‘yadiyu, o‘zi ortdan kuzatib qolaveradi. Charxpalak  yuqoriga chiqargan suvlarning bir qismi yerga singib ketsa, qolgan qismi ekinlarning joniga oro kiradi, tabiatni gullatadi, olamni yashnatadi, ijtimoiy turmushni rivojlantiradi. Gurkiragan tabiat, olam esa unga yetkazilgan suv qayerdan kelganini ba’zida biladi, ba’zida esa yo‘q... Charxpalak esa tinmay aylanaveradi, aylanaveradi... 

Imomi A’zam Abu Hanifaning deganlari bir rivoyatda shunday keltiriladi: “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga hech oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, mening uyim ustozimning uylaridan yettita ko‘cha berida edi. Ustozim Hammod vafotlaridan so‘ng namozlarimda ul zotning nomlarini ota-onam nomlariga qo‘shib, haqlariga duoda bo‘ldim…”  
Ha, har qaysi millat yoki xalqning ma’naviyati, uning bugungi hayoti va ta’lim-tarbiyaga e’tibori o‘sib kelayotgan farzandlarining kelajagini, millat, xalq taqdirini belgilashda, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, hukumatimizning ta’lim-tarbiya borasidagi siyosatida ota-ona, mahalla va ta’lim muassasalari birgalikda farzandlarimizning bilimli, ma’naviyatli, barkamol insonlar bo‘lib yetishuvini ta’minlash uchun mas’ul ekanliklariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ba’zan ta’lim-tarbiya ishida ko‘pchilik ota-onalarning sustkashligidan bu vazifaning katta qismi o‘qituvchilar zimmasiga tushmoqda. Hazrat mir Alisher Navoiy “Mahbub ul-Qulub”da urg‘u berganlaridek: “…ota-onalar borki, bitta farzandiga tarbiya bera olmaydi, ustozlar esa o‘nlab farzandlarga ta’lim va tarbiya beradi”. Demakki, ustoz-muallimlar barcha davrlarda ham ta’lim-tarbiya borasida jamiyat taraqqiyotiga daxldor mashaqqatli va mas’uliyatli kasblari ortidan hurmatga loyiq bo‘lishgan. 

Bugun Yangi O‘zbekiston yoshlarining ilm-fan, sport, ishlab chiqarish, ixtirochilik borasida respublika hamda xalqaro miqyosda erishayotgan yutuqlari, tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqelariga ega bo‘lishlari zamirida ustoz va murabbiylarning beqiyos xizmatlari bor. Ulug‘lar e’tirof etganlaridek: “El-yurtni, xalqni ma’rifat asraydi”. 
Yurtimizda har yili 1 oktyabr ‒Ustoz va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanishi milliy qadriyatga aylandi. Albatta, bu bayram Yangi O‘zbekistonimizda ustozlarga bo‘lgan hurmatning ramziy ifodasidir. 

Bugun butun kuchlarini, aql-idroklarini, bilim va zehnlarini, qalb qo‘ri, mehrini shogirdlar kamoliga baxshida etgan sofdil, kamtarin, ma’naviy boy, axloqan pok ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz. 
Siz hamisha e’zozga, e’tiboru e’tirofga loyiqsiz, aziz ustoz va murabbiylar. 

Obidjon Xamidov, 
Buxoro davlat universiteti rektori, 
iqtisod fanlari doktori, professor.  
O‘zA