21 mart - atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni, Vatanimizning Davlat madhiyasi she’ri muallifi Abdulla Oripov tavallud topgan kun.
Ustozning g‘oyat go‘zal va betakror she’riyati millat sha’ni, qadr-qimmati, Vatan istiqboli, shu muqaddas diyorning Navro‘zday yorug‘ kunlari bilan hamohangdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdulla Oripov 1941 yil 21 mart kuni Qashqadaryo viloyati Kosonsoy tumanida Neko‘z tug‘ilgan.
U 1958 yil o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagach, tahsilni O‘zbekiston Davlat universiteti - hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiyasi fakultetining jurnalistika bo‘limida davom ettirgan edi.
Ustoz ijodkor 1963 yil universitetni a’lo baholar bilan yakunlab, “Yosh gvardiyachi” tahririyatida muharrir bo‘lib ishlagan edi. 1967—1974 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at tahririyati muharriri va bosh muharriri, 1974—1976 yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgandi.
1972 yildan 1982 yilgacha Abdulla Oripov O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib faoliyat yuritgan edi. 1982—1983 yillarda Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘linmasi kotibi, 1983—1985 yillarda “Gulxan” jurnali bosh muharriri,1985 yildan kotib, 1996 yildan 2009 yilgacha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi. Ustoz ijodkor 1988 yil O‘zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangandi.
Abdulla Oripov Oliy Majlis birinchi va ikkinchi chaqiruvi deputati va senatori bo‘lgan edilar.
Ustoz O‘zbekiston Davlat madhiyasining mualliflaridan biri sifatida tarixda nom qoldirgan. U atoqli bastakor Mutal Burhonov bilan birga jonajon O‘zbekistonimizning bosh qo‘shig‘ining har bir so‘zi, ohangi ustida astoydil jon kuydirgan fidoyi insondir.
Ustoz ijodkor 1998 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgandi.
“Qush” nomli o‘zining ilk she’rini Abdulla Oripov universitetda o‘qigan kezlari yozgan edi. Abdulla Oripovning “Bahor”, “Birinchi muhabbatim”, “Kuz”, “Saraton”, “O‘zbekiston”, “Munojotni tinglab”, “Otello”, “Sarob”, “Dengizga”, “Malomat toshlari”, “Oltin baliqcha”, “Yuzma-yuz”, “Genetika” va boshqa she’rlari — XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyotining yorqin namunasidir.
1965 yil uning ilk she’riy to‘plami “Mitti yulduz” chop etilgan. Shundan so‘ng “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Onajon”, “Ruhim”, “O‘zbekiston”, “Qasida”, “Xotirot”, “Yurtim shamoli” e, “Hayrat”, “Najot qal’asi”, “Yillar armoni” , “Ishonch ko‘prigi”, “Munojot” , “Haj daftari” , “Saylanma” she’riy to‘plamlari nashrdan chiqdi.
Abdulla Oripov qalamiga mansub “Jannatga yo‘l”, “Tabib va o‘lim” , “Ranjkom”, “Sohibqiron” dostonlari adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish.
Millat, Vatan taqdirini o‘z taqdiri bilan vobasta ko‘rish, oddiylik, samimiyat, o‘z xalqiga cheksiz mehr va ehtirom zakiy ijodkor Abdulla Oripov insoniy fazilatlarining ustuvor jihatlarini tashkil etar edi. Shoir so‘zi bilan aytiluvchi qo‘shiqlar musiqa san’atimizda alohida o‘rin tutadi.
Keyingi olti-yetti yillar davomida ulug‘ shoirimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatish yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi. Poytaxtimizdagi "Adiblar xiyoboni"da shoirning haykali bunyod etildi. Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Shoirning umr yo‘ldoshi, barcha zahmatlari, quvonchu tashvishlariga sherik inson - Xanifa aya Mustafoyeva 2019 yilda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi. Keyingi paytda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kartinalarni muxlislarga taqdim etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, Abdulla Oripov milliy adabiyotimiz, ona tilimiz, Vatanimiz va xalqimizga mehr va sadoqatning haqiqiy timsolidir. Navro‘z ayyomi tantana qilinayotgan shu kunlarda ustoz ijodiga bag‘ishlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ko‘plab ijodiy kechalar, adabiy anjumanlar, she’rxonlik tadbirlari, ijodiy tanlovlar tashkil etilmoqda.
O‘zA muxbiri N.Usmonova tayyorladi.