Joriy yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi «El-yurt umidi» stipendiyasi uchun ikkinchi ochiq tanlovini e’lon qildi.
Tanlov qanday o‘tkaziladi? Jamg‘arma axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tanlov joriy yilning 5 may kuni qabul qilingan Prezident farmoni va ushbu hujjat bilan tasdiqlangan tanlov nizomi asosida yangilangan me’yor va talablar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Xususan, test va suhbat bosqichlari uchun o‘tish bali 61 ball etib belgilandi. Magistratura va doktorantura yo‘nalishlariga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun rasmiy ish staji – magistratura uchun kamida 1 yil, doktorantura uchun esa kamida 2 yil bo‘lishi shart qilib qo‘yildi.
Bundan tashqari, xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha amaldagi sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar uchun imtiyoz mavjud. Ular test sinovlaridan ozod etilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat bosqichiga o‘tkaziladi. Albatta, bunda sertifikat ko‘rsatkichlari bo‘yicha maxsus talablar mavjud.
Ikkinchi ochiq tanlov doirasida 12 - 26 noyabr kunlari hujjatlarni qabul qilish faqatgina ONE ID milliy raqamli identifikatsiya tizimi bilan integratsiya qilingan onlayn platforma orqali amalga oshirildi.
Bu ma’lumotlarning avtomatik tekshiruvini ta’minlaydi va dastlabki bosqichlarda sub’ektiv omilni bartaraf etadi. Nomzodlarga poytaxtga kelmasdan ariza topshirish imkoniyatini beradi. Bu imkoniyatdan nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning istalgan boshqa mamlakatida bo‘lib turgan yoshlar ham foydalanishi mumkin.
Hujjatlarni qabul qilish davrida platformada 6000 dan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi, bu esa jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘onganini ko‘rsatadi.
Nomzodlar 21 davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan.
Raqamlashtirish, yagona talablar, yagona chegara va standartlashtirilgan baholash mezonlari «noaniq holatlar»ni bartaraf etadi va tanlovni to‘laqonli merit-based (bilim va ko‘nikmalarga asoslangan) mexanizmga aylantiradi.
2-ochiq stipendiya tanlovi uchun 277 kvota ajratilgan bo‘lib, ular quyidagicha taqsimlangan: 105 – bakalavriat, 122 – magistratura, 50 – doktorantura.
Bu davlatning turli darajadagi mutaxassislarni – bo‘lajak tadqiqotchilardan tortib boshqaruv va ilmiy tuzilmalar uchun kadrlargacha tayyorlashga bo‘lgan strategik e’tiborini aks ettiradi.
Ma’lumot uchun, «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025 yil 1-ochiq stipendiya tanlovi natijasiga ko‘ra, 173 nafar nomzod «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindori» deb e’tirof etildi.
Ularning 70 foizi jahonning “TOP – 100” ro‘yxatidagi universitetlarga kirgan yoshlardir. Bu stipendiatlarning sifat jihatidan yangi tarkibi.
Qat’iyat bilan mehnat qilib, o‘z ustida ishlab, dunyoning eng yaxshi universitetlariga kirishga muvaffaq bo‘layotganlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA