Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbir stipendiatlarni, ularning ota-onalarini, davlat tuzilmalari, diplomatik vakolatxonalar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda «El-yurt umidi» stipendiya dasturi nafaqat iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismi ekanligi ta’kidlandi.
Asosiy maqsad – «O‘zbekiston-2030» strategiyasida qo‘yilgan vazifalarni hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat. Neft va gaz daromad keltirishi mumkin, biroq aynan bilimli va intiluvchi yoshlar mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.

Stipendiatlar Kembrij, Oksford, Pensilvaniya, Seul, Nyu-York va Hongkong kabi universitetlarga o‘qishga kirgan yoshlar o‘z tanlovlari, maqsadlari va rejalari haqida so‘zlab berdi. Ularning his-hayajonga to‘la chiqishlari shuni yaqqol ko‘rsatdiki, har bir stipendiya nafaqat imkoniyat, balki yangi bilimlar bilan Vatanga qaytish majburiyati hamdir.
Forum doirasida ilk bor «EYUF AWARDS - 2025» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 7 ta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi stipendiatlar taqdirlandi. Xususan, «Yilning namunali stipendiati», «Yilning eng yaxshi akademik yutuqlari», «Yilning eng yosh yetakchi stipendiati», «Yilning namunali loyihasi», «Yilning eng yaxshi ilmiy loyihasi», «O‘z kasbining ustasi», «Jamiyatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» yo‘nalishlarda eng kuchlilar e’tirof etildi.

Ushbu tanlov «El-yurt umidi» stipendiyasi nafaqat o‘qishni qo‘llab-quvvatlash, balki ijtimoiy faollik, samarali kasbiy va ilmiy faoliyatni davom ettirishga rag‘bat berishga qaratilgan.
Akademik aloqalarni mustahkamlash va o‘zbekistonlik yoshlarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan hamkorlar – vazirliklar, davlat idoralari va xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Forumning yakuniy qismida o‘tmish va kelajakni, an’analar va islohotlarni ramziy ma’noda bog‘lagan yorqin badiiy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Abduraimova, O‘zA