O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasining 2025 yil 2-ochiq stipendiya tanlovi doirasida test sinovlari o‘tkazildi.
Jamg‘arma axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, barcha jarayonlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik va inklyuzivlik tamoyillariga asosan tashkil etildi.
Ikkinchi ochiq stipendiya tanlovi doirasida 12-26 noyabr kunlari hujjatlarni qabul qilish faqatgina ONE ID milliy raqamli identifikatsiya tizimi bilan integratsiya qilingan onlayn platforma orqali amalga oshirildi.
Hujjatlarni qabul qilish davrida platformada 6 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi, bu esa jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘onganini ko‘rsatdi.
Hujjat topshirganlarning 59 foizi bakalavr, 34 foizi magistratura va 7 foizi doktorantura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning “Top-300” universitetlaridan qabul xatlari olgan.
Nomzodlar 21 davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. “Top-5” davlatlar qatorida – Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Janubiy Koreya bor.
2-ochiq stipendiya tanlovi uchun 277 kvota ajratilgan bo‘lib, ulardan 105 tasi bakalavriat, 122 tasi magistratura, 50 tasi doktorantura bo‘yicha taqsimlangan.
Tanlov komissiyasi tomonidan dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 480 nafardan ziyod nomzodning navbatdagi bosqichda ishtirok etishiga ruxsat berildi.
Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazildi. Testlar nomzodlarning intellektual salohiyatini, tahliliy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini, psixologik barqarorligini baholashga qaratildi.
Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida ularga test sinovlarida oflayn (agar O‘zbekiston hududida bo‘lsa) va onlayn (agar chet elda bo‘lsa) shakllarida ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi. Bundan tashqari, test topshirish nuqtalari nafaqat Toshkent shahrida, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ham tashkil etildi. Bu nomzodlarga bevosita o‘z hududlarida sinovdan o‘tish orqali vaqt va mablag‘larini tejash imkonini berdi.
Test sinovlarida 315 nafar nomzod ishtirok etdi, ulardan 155 nafari test uchun belgilangan eng yuqori – 100 balldan kamida 61 ball to‘plab, suhbat bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tdi.
Shuningdek, 148 nafar nomzod 1-ochiq stipendiya tanlovi doirasida test sinovlaridan ozod etildi. Tanlov nizomiga muvofiq, tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda belgilangan muddatda o‘zining akademik salohiyatini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatlarni (SAT, GRE, GMAT, A-Level) taqdim etgan nomzodlar test sinovlaridan ozod etiladi. Ular keyingi bosqich – suhbatda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2025 yil 1-ochiq stipendiya tanlovi natijasiga ko‘ra, 173 nafar nomzod «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindori» deb e’tirof etildi. Ularning 70 foizi jahonning “TOP - 100” ro‘yxatidagi universitetlariga kirgan yoshlardir. Bu stipendiatlarning sifat jihatidan yangi tarkibi.
Qat’iyat bilan mehnat qilib, o‘z ustida ishlab, dunyoning eng yaxshi universitetlari – Kembrij, Pensilvaniya, Seul milliy universiteti, Nyu-York, London, Gonkong, Dyuk universitetlari kabi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirishga muvaffaq bo‘lganlar qo‘llab-quvvatlandi.
N.Abduraimova, O‘zA