Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, iqtidorli yoshlar va mutaxassislarning xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda ta’lim olishini tashkil etish maqsadida 2018-yilda Prezident farmoni bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi.
Mazkur qonun loyihasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining majburiyatlarini aniq belgilash, jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo kiritishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi normani kiritish taklif etilmoqda.
Shuningdek, loyihada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish hamda muddatlarni qisqartirish nazarda tutilmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zosi Dilnoza Azizova stipendiatlar sog‘lig‘i va boshqa sabablar bilan shartnoma majburiyatlarini vaqtida bajarmay qolishi ham mumkinligini aytib, bu borada izoh so‘radi.
Jamg‘arma vakili bunga javoban qonun loyihasida asosan bitirganidan so‘ng shartnoma talablarini bajarmagan stipendiatlar nazarda tutilganini ma’lum qildi.
M.Komilova, O‘zA