“Yangi O‘zbekiston” universitetida “El-yurt umidi” stipendiatlarining Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi roli va hissasi” mavzusida forum o‘tkazildi.
Tadbir dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olgan va turli sohalarda O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan istiqbolli mutaxassislarni, shuningdek, Prezident Administratsiyasi vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, tahliliy markazlar ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilik vakillarini bir joyga jamladi.
Mazkur forum ta’lim, innovatsiyalar va kasbiy tayyorgarlikni davlat siyosatining markaziga qo‘yuvchi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishda inson kapitalining rolini muhokama qilish va mamlakatni 2050 yilgacha rivojlantirish istiqbollarini shakllantirish uchun muhim maydon bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘zinig yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston iqtisodiyot va davlat boshqaruvidan tortib ilm-fan, ta’lim va ijtimoiy siyosatgacha bo‘lgan barcha sohalarni jadal modernizatsiya qilish orqali transformatsiyaning hal qiluvchi bosqichiga kirmoqda. Global texnologik raqobat, iqlim, mehnat bozorlarining o‘zgarishi va geosiyosiy noaniqlik sharoitida inson kapitali, ya’ni yuqori malaka va tayyorgarlikka ega, g‘ayratli va global fikrlaydigan yetakchi yosh mutaxassislar asosiy raqobatbardosh ustunlikka aylanmoqda.
Aynan shu bois «El-yurt umidi» jamg‘armasiga nafaqat xorijda ta’lim olishni moliyalashtirish mexanizmi, balki mamlakatda va xorijda islohotlarni ilgari surish qobiliyatiga ega bo‘lgan mutaxassislar va yetakchilarning yangi avlodini shakllantiruvchi tizimli institut sifatida qaralmoqda.
Xususan, 2018–2025 yillarda 2 ming 300 nafarga yaqin yosh xalqaro tajriba va zamonaviy bilimlarni egallash uchun 40 dan ortiq davlatlarga o‘qishga yuborildi. Ulardan 760 nafari o‘qishni davom ettirmoqda, 1 ming 500 nafarga yaqini esa Vatanga qaytib, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan kabi dolzarb yo‘nalishlarda o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Forum barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya, davlat boshqaruvi islohotlari va innovatsiyalarga bag‘ishlangan munozaralar, “El-yurt umidi” jamg‘armasini transformatsiya qilish bo‘yicha ochiq muloqot, amaliy sessiyani (vorkshop) o‘z ichiga oldi. Unda stipendiatlar xorijiy tajriba va jahon tendensiyalarini inobatga olgan holda turli soha va yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
Forum doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatining yangi modeli va istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ular orasida — stipendiatlar va davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni soddalashtirish, O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng bitiruvchilarni kuzatib borish, ularning karera o‘sishi va loyihalarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish imkonini beruvchi yagona onlayn platforma yaratish loyihasi ham bor.
Jamg‘armaning kelgusi yillardagi asosiy vazifasi hamkorlik geografiyasini va mutaxassislar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlarini tizimli ravishda kengaytirishdan iborat. Tavsiya etilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatini akademik sifat, ilmiy-tadqiqot salohiyati va amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlarning mavjudligiga e’tibor qaratgan holda yangilashga alohida ahamiyat beriladi.
[gallery-26721]
Jamg‘arma mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education) xalqaro agentliklarining global reytinglarida birinchi 300 ta o‘ringa kirgan xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishda ko‘maklashadi. Bu O‘zbekiston hududida xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochishga ko‘maklashishni ham o‘z ichiga oladi.
Anjuman davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov(surat), O‘zA