Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari Senatga tashrif buyurdi
10:01 / 2023-07-27

Yaqinda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan stipendiya tanlovi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlov natijalariga ko‘ra 154 nafar iqtidorli va istiqbolli yoshlar stipendiya sohiblari bo‘ldi.

Stipendiatlar Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurib, tizim faoliyati, uning tarkibi, senatorlar, qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi. 

Senat Raisi Tanzila Norboyeva yoshlar bilan uchrashuvda tanlov g‘oliblarini samimiy qutladi. Davlatimiz rahbari boshchiligida professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarni shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilayotganiga alohida to‘xtaldi. 

Qayd etilganidek, yoshlarning xorijda grand asosida tahsil olishini qo‘llab-quvvatlash o‘zining yuksak natijalarini bermoqda. 

Hozirgi kunda 500 nafarga yaqin stipendiat jamg‘arma mablag‘lari hisobidan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olmoqda. 

Bu ko‘rsatkichlarning barchasi O‘zbekistonda intellektual rivojlangan yoshlar shakllanayotganidan dalolat beradi. 

Muloqot davomida stipendiatlar Senat Raisiga turli mavzularda takliflar berib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. 

Xususan, yoshlar tomonidan kiberxavfsizlik sohasiga oid qonunlarni takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha yangi platformalarni yaratish kabi qator takliflar ilgari surildi.

N.Abduraimova, O‘zA