O‘zbekiston Respublikasida kadrlar tayyorlash siyosati izchil takomillashtirilib, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday strategik yo‘nalishlardan biri sifatida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur jamg‘arma yoshlarning xorijiy ilg‘or ta’lim muassasalarida o‘qishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bilim va tajriba to‘plashini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
2025 yil uchun e’lon qilingan 2-ochiq stipendiya tanlovi ham ana shu maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, O‘zbekiston yoshlari uchun keng ko‘lamli yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Jamg‘arma tomonidan e’lon qilingan ushbu tanlov doirasida stipendiyalar xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha o‘qish uchun ajratiladi. Bu esa yoshlar uchun ta’limning barcha bosqichlarida o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Mazkur tizimning afzalligi shundaki, u nafaqat moddiy yordam, balki intellektual sarmoya sifatida ham qaraladi. Chunki jamg‘arma ta’limdan keyingi yurtga qaytish va milliy iqtisodiyotga hissa qo‘shish tamoyilini ham ilgari suradi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025 yilgi stipendiya tanlovi O‘zbekiston yoshlarini jahon ta’lim maydoniga faol jalb etish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan shakllantirish yo‘lida muhim qadam. Ushbu dastur mamlakatda innovatsion fikrlaydigan, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni maqsad qiladi. Natijada, xorijda o‘qib kelgan yoshlar nafaqat o‘z sohasida yetakchi bo‘lishadi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotda yangicha yondashuvlarni joriy etishda faol rol o‘ynaydi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA