O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobxon onalar kuni” loyihasi doirasida “Kitobxon harbiy oilalar” nomli ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirga Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi xodimlari va ularning oila a’zolari taklif etildi.
[gallery-27163]
– “Kitobxon oila” loyihasi besh yildan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda, – dedi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zarifa Iskandarova. – Yurtimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishi tobora kuchayib borayotganini Milliy kutubxona zallarida bo‘sh joyning umuman uchramayotganida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Prezidentimizning kitobxonlikni rivojlantirishga oid ezgu tashabbusiga Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ham baholi qudrat hissa qo‘shib kelmoqda.
– Xalqimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf “El-yurt oromini asragan zotlar, El-yurt duolari asrasin sizni", deb bejiz aytmagan, –dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, atoqli shoira Guljamol Asqarova. – Vatanparvarlik eng avvalo, oiladan shakllanadi. Harbiy oilalarda esa bu tushuncha eng ustuvor qadriyat sanalishi hech kimga sir emas.
Tadbirda Vatanimizni, mustaqilligimizni, tinch va osoyishta kunlarni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. She’rlar o‘qildi.
Harbiy oilalarga badiiy adabiyotlar jamlanmasi tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA