El-yurt hurmati ilm tufayli
Haqiqatan ham bu dunyoda hamma narsa oʻtkinchi, faqat yaxshilikning umri boqiy, savobli ishlar yodda qoladi, ilmning qadri oʻlmaydi.
Hazrat Navoiyning barchamizga yod boʻlib ketgan, koʻp aytadiganimiz shunday satrlari bor:
Bu gulshan ichra yoʻqtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur qolsa yaxshiliq bila ot...
Haqiqatan ham bu dunyoda hamma narsa oʻtkinchi, faqat yaxshilikning umri boqiy, savobli ishlar yodda qoladi, ilmning qadri oʻlmaydi. Agar shu ezguliklar ilm ortidan amalga oshsa, qanday yaxshi. Insonni komillikka yetaklovchi kuch ham, davlat va jamiyat taraqqiyoti ham ilm, maʼrifat bilan. Ilmsiz kishining johilga tenglashtirilishi boisi shunda boʻlsa kerak.
Yaratganga shukrki, biz yashab turgan muqaddas zamin azal-azaldan maʼrifat maskani boʻlgan. Ne-ne ulugʻ allomalarga beshik boʻlib, jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biriga aylangan. Ajdodlarimizning ana shu beqiyos ilmiy merosi tarixiy manbalar, kitoblar bilan birga qondan-qonga oʻtib, anʼana va qadriyat darajasiga koʻtarilib, bugungi kungacha yetib kelgan. Va boy maʼnaviy meros bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hayot doim bir xil kechmaydi. Turli davrlar, siyosiy tuzumlarda ilm-maʼrifatga eʼtibor ham oʻzgarib turadi. Biz mustaqillik tufayli xalqimizning shonli oʻtmishini – bu tarix boʻladimi, madaniyat, tabiiy va aniq fanlarga oidmi, chuqurroq, roʻy-rost oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlganimiz haqiqat. Keyingi toʻrt yilda esa ana shu ilmni roʻyobga chiqaruvchi olimlar, tadqiqotchilarga davlatning, davlat rahbarining eʼtibori, gʻamxoʻrligi avvalgilardan oʻn chandon kuchaydi. Ziyolilarning mehnati munosib qadr topdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyati takomillashtirildi, taʼlim tizimining barcha bosqichi bugungi kun talabidan kelib chiqib, xalqaro andozalarga moslashtirilmoqda. Yurtimizdagi oliy taʼlim tarixi XIX asr oxiri yoki XX asr boshiga emas, XV asrga borib taqalishi, Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyalaridan boshlanishiga oid tarixiy adolat qaror topdi.
Aslida, bu saʼy-harakatlar, ilm ahliga eʼtibor yurtimizning ertasi boʻlgan yoshlar kelajagi, mamlakatning taraqqiyotini oʻylab amalga oshirilmoqda. Zero, ilmsiz taraqqiyot tasavvur etib boʻlmaydi.
Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida Prezidentimiz farmoni bilan yuksak davlat mukofotiga sazovor boʻlganimni eshitib, ana shu fikrlar xayolimdan oʻtdi. Ellik yildan koʻproq vaqtdan buyon mumtoz adabiyotimizni oʻrganish, uning beqiyos ilmu ziyosidan yoshlarni bahramand etish uchun chekkan zahmatlarim bir-bir koʻz oldimdan oʻtdi. Albatta, bu paytda qalbimdan kechgan quvonch, hayajonni soʻz bilan ifodalash qiyin. Lekin hech ikkilanmay ayta olamanki, bu minnatdorlik, kasbimdan faxr tuygʻularidir.
Muslihiddin MUXIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti professori,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.