Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
El sevgan aktyor
19:07 / 2025-11-12

Farg‘onada, nainki vodiy, butun O‘zbekistonda taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov haqida so‘z borganida, “Ha, anavi Qo‘chqor akami?”, deyishadi. Qo‘chqor – Sharof Boshbekovning “Temir xotin” pesasidagi obraz. Bu rolni ilgari ham, keyin ham bir necha aktyorlar ijro etganlar. Lekin xalq yodiga Muhammadsoli Yusupov ijrosi muhrlanib qolgan.

– Sharof Boshbekov “Temir xotin” pesasini o‘zi teatrimizga olib kelgan, –deydi O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov. – Rejissyor Olimjon Salimov boshchiligida aktyorlar o‘zimizga rol tanlaganmiz. Men Qo‘chqor obrazini sahnada gavdalantirish istagim borligini aytganimda, Sharof aka dastlab bu fikrimni ma’qullamagan. Chunki u pesada Qo‘chqorni ozg‘indan kelgan, uzunbo‘y qilib tasvirlagan edi.

Shunga qaramasdan aktyor rol uchun kurashadi. Va nihoyat uni ham talabgorlar ro‘yxatiga kiritadilar.

– Beshinchi dublyor sifatida meni ham tasdiqdan o‘tkazishgandi. Repititsiya jarayonida talabgorlardan bir o‘zim qolganman. Bu, balki omad bo‘lsa kerak. Boshqa tomondan olib qaraganda, Qo‘chqor obrazining shon-shuhrat qozonish sababini muallif va rejissyorning ishonchini ma’lum ma’noda oqlay bilganim boisida deb bilaman, – deydi aktyor.  

Muhammadsoli Yusupov Toshloq tumanida tug‘ilib o‘sdi. Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tugallagach, uni shu dargohda olib qoldilar. Lekin onasi suyukli o‘g‘liga zor edi.  

– Onamning istagi bilan Toshkentdan Farg‘onaga qaytdim, – deya eslaydi Muhammadsoli Yusupov. – Viloyat musiqali drama va komediya teatri jamoasi meni katta ishtiyoq bilan bag‘riga oldi. Hamkasblarimning iliq munosabati va qo‘llab-quvvatlovi natijasida poytaxt xayoli yoddan chiqdi, butkul Farg‘onaga bog‘lanib qoldim. Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutida olgan nazariy bilimlarim aynan shu yerda O‘zbekiston xalq artistlari Jalolxon Oxunov, Solijon Ahmedov, Zunnun Madaliyevning ko‘magi ostida amaliyot bilan uyg‘unlashdi. Men ularning maktabida hayot va san’at darslaridan saboq ko‘rdim. Tomoshabinlar qalbidan o‘rin olgan rollarimning barchasida bu ustozlarning xizmati beqiyos deb bilaman.  

Shundan keyin Farg‘ona teatrida “Toshkentga sayohat” komediyasi sahnalashtirildi. Muhammadsoli Yusupov bosh qahramon – Asonboy obrazini shu qadar mahorat bilan yaratdiki, tomoshabin go‘yo o‘tgan asr voqeligi ichiga tushib qolgandek sezar edi o‘zini. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston teatrlari festivalida aktyor ikki bor mana shu ijrosi uchun “Eng yaxshi erkak roli ijrochisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.  

Muhammadsoli Yusupov uchun janr chegarasi degan tushuncha yo‘q: komediyadan tortib dramagacha – barcha uslubdagi spektakllarda katta va kichik rollarni, bosh qahramonlar va ikkinchi darajali personajlarni qiyomiga yetkazib ijro eta oladi. U bosh rollarni gavdalantirgan spektakl va filmlar xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ayniqsa, “Temir xotin”dagi Qo‘chqor, “Toshkentga sayohat”dagi Asomboy, “Bomba”dagi Xolmat, “Mehrobdan chayon”dagi Solih Mahdum kabi obrazlar hayotiyligi, o‘zbekona olami, sof yumor va milliy qiziqchilik an’analariga yo‘g‘rilgani bilan o‘zbek san’ati solnomasiga o‘chmas harflar bilan yozildi.

Aktyor ijodi – u har qancha mahoratga yo‘g‘rilgan bo‘lsa-da, hamisha ham yuzaga chiqavermaydi. Ba’zida o‘sha zamon zayliga ham duch keladi.

– Ijodkor ba’zan zamon va makonga moslashishiga, davrning siyosiy mafkurasi ta’sirida faoliyat yuritishiga to‘g‘ri keladi, – deydi Muhammadsoli Yusupov. – Adib Sobir Sayxonning “Adashganlar” romani asosida film suratga olindi. Filmda o‘tgan asrning yigirmanchi yillari o‘z Vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan shaxs obrazini gavdalantirganman. U ketayotgan chog‘ida o‘zi bilan olgan bir siqim ona tuprog‘ini Amudaryo tasodifan oqizib ketayotganidagi ruhiy kechinmalarini ishonarli tarzda ifodalagandim. Xuddi shunga o‘xshash s’yomka jarayonlari oxirlagan yana bir film noma’lum sabablarga ko‘ra ekran yuzini ko‘rmadi. Bu Sadriddin Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” filmi edi.

Muhammadsoli Yusupov teatr va kino san’atiga birdek qiziqdi. U ijro etgan bosh va epizodik rollar hamisha tomoshabin yodida qolgan. Ayniqsa, “Bomba” filmidagi Xolmat obrazi.

– Menga shuhrat olib kelgan rollarimdan yana biri “Bomba” kinofilmidagi Xolmat hisoblanadi. Bu rolni hech qanday sinovsiz menga ishonib topshirishgan. Bu obraz orqali kino olamida ham o‘z o‘rnimni topdim. Bundan tashqari, Melis Afzalov va Hotam Fayziyev bilan birgalikda suratga olingan “Ta’ziyadagi to‘y” badiiy filmidagi Norcha obrazi navbatdagi muvaffaqiyatli rollarimdan biri bo‘ldi.  

Har bir ijodkor yangi rollar orzusida yashaydi. Muhammadsoli Yusupovda ham bunday niyat bor.

– Mening orzularimdan biri – Alisher Navoiyning siymosini yaratish. Izzat Sulton, Uyg‘un asarlarida Navoiy shoirona lutf egasi sifatida chiroyli tasvirlangan. Bu tasvirlar aktyor Olim Xo‘jayev ijrosida teatr sahnasining noyob durdonasiga aylandi. Ammo men Navoiyni tasavvuf piri obrazida sahnaga olib chiqishni istayman.  

Muhammadsoli Yusupov uzoq yillar Farg‘ona musiqali drama teatrida aktyor, bosh rejissyor, direktor lavozimlarida ishladi. Hozir faoliyatini Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida davom ettirmoqda. Unga 1999 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni berilgan. Shu kunlarda esa sevimli aktyor o‘zining qutlug‘ 70 yoshini nishonlamoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qjQ3dpBdgdA" title="El sevgan aktyor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA