El farzandi sinovli kunlarda xizmat qiladi
Koʻpga kelgan hozirgi sinovli kunlarni yengish, har qanday balo-qazodan yurtimizni, xalqimizni omon saqlash uchun odamlar bir-biriga yelkadosh boʻlishi, birdamlikda intilishi umuminsoniy fazilatdir.
Koʻpga kelgan hozirgi sinovli kunlarni yengish, har qanday balo-qazodan yurtimizni, xalqimizni omon saqlash uchun odamlar bir-biriga yelkadosh boʻlishi, birdamlikda intilishi umuminsoniy fazilatdir.
Butun dunyo koronavirus degan ofat bilan kurashayotgan bugungi sharoitda fuqarolarni ijtimoiy tomondan qoʻllab-quvvatlash, ularning sogʻligini himoya qilish har qachongidan ham dolzarb boʻlib turibdi. Yaratganga shukrki, qiynalganlarni hech kim yolgʻizlatib qoʻyayotgani yoʻq, saxovatli va mehrli insonlar imkoni boricha yordam qoʻlini uzatyapti.
Vatandoshimiz Alisher Usmonov koronavirusga qarshi kurashish uchun “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 20 million dollar ajratgani hamyurtlarimizga avvalo ruhiy madad boʻldi, deb oʻylayman. Ayniqsa, ushbu mablagʻ koronavirus sabab Oʻzbekistonga olib kelingan vatandoshlarni karantinga olish uchun zarur boʻladigan Toshkent viloyati Zangiota tumanida gi shifoxonalar jihozlanishi uchun sarflanishi hamjihatlikni yana-da oshiradi. Bu koʻmak qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning hayoti, sogʻligini himoya qilishga yoʻnaltirilmoqda.
Albatta, zarur asbob-uskunalar boʻlsa, kasallikni vaqtida aniqlash, toʻgʻri tashxis qoʻyish va davolash imkoni yana-da ortadi. Shu maʼnoda elimiz farzandi Alisher Usmonovning begʻaraz yordami katta koʻmak, qanchadan-qancha vatandoshlarimizga oʻrnak boʻldi. Oʻtgan yili ham Alisher Usmonov ona yurti Namangandagi “Obod qishloq” dasturi uchun 50 million dollar miqdorida homiylik qildi. Ushbu mablagʻlarga viloyatimiz aholisi uchun shinam va qulay boʻlgan uylar, yoʻllar yaratildi.
Bunday ezgu va saxovatli tashabbuslar Oʻzbekistonda kundan-kun koʻpaymoqda. Bu sinovli kunlarda vatandoshlarimiz oʻrtasida hamjihatlik, ruhiy yaqinlik yana-da ortayotganini anglatadi, hammamizga qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi. Azaliy bir haqiqat, hikmat bor — xalqiga, yurtiga saxovatli boʻlganlarni Yaratgan ham qoʻllab-quvvatlaydi.
Anvar Temirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi