Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
El boshiga ish tushganda
16:31 / 2020-04-08

Uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmaslik – muvaffaqiyat kalitidir


Uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmaslik – muvaffaqiyat kalitidir

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi sinovli bir davrni boshdan kechirmoqda. Butun bashariyat koronivirus infeksiyasi bilan shiddatli ravishda kurashmoqda. Afsuski, ushbu kasallik mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi.

Qayd etish joiz, yurtimizda pandemiyani keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga jiddiy qaralmoqda. Bu borada Prezident va Hukumatning bir qator farmon, qarorlari chiqarildi. Davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida respublikamizda tezkor amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar, tadbirkorlar va aholiga imtiyozlar berildi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz xalqimizga, tadbirkorlar va yoshlarimizga yana bor murojaat qilib, xususan bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchilarga qarata shunday dedi: “Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”

Karantin davrida yoshlarning xavfsizligi va salomatligini taʼminlagan holda ularning vaqtini mazmunli oʻtkazish choralari koʻrilmoqda. Taʼlim muassasalarida masofadan bilim berish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlari orqali tajribali pedagoglar tomonidan onlayn darslar tashkil etilmoqda.

Har bir yomonlikning bir hikmati boʻlganidek, ushbu karantin davri ham respublika taʼlim tizimi uchun yangilik boʻlgan masofadan oʻqitishni amaliyotda qoʻllashga imkon berdi. Ushbu yangi amaliyot talabalarga oʻz bilimlarini mustaqil oshirish, internet tarmogʻidan axborot izlab topish va tahlil qilish koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilayotgan boʻlsa, oʻz navbatida professor-oʻqituvchilarni kompyuter va internet tarmoqlaridan foydalanish tajribalarini oshirib, interaktiv usullarda dars olib borish malakalari rivojlanmoqda.

Bu borada oliy taʼlim tizimida ham talabalarni masofadan turib onlayn oʻqitish ishlari keng yoʻlga qoʻyildi. Xususan, Namangan muhandislik-texnologiya institutida talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun masofaviy taʼlim dasturlari uchun moʻljallangan masofaviy taʼlim platformalari yaratildi. Unga professor-oʻqituvchilar tomonidan bahorgi semestr davomida oʻqitiladigan fanlarning maʼruza matnlari, videomaʼruzalari, talabalar bilimlarini mustahkamlash boʻyicha nazorat test-savollari muntazam joylanmoqda. Chekka va olis qishloq hududlarida yashovchi talabalar uchun internet sifatini hisobga olib, kafedralar va taʼlim yoʻnalishlari kesimida telegram kanallari ishga tushirildi. Bunda qoʻshimcha maʼlumotlar talabalarga yetkazib borilmoqda. Shuningdek, talabalar uchun “Eng yaxshi kitobxon” va “Innovatsion loyihalar va ishlanmalar” koʻrik tanlovlari tashkil etildi. Ushbu tanlovlar boʻyicha talabalarga mutaxassislar tomonidan maxsus vazifalar va viktorina savollari berib borilmoqda.

Boshimizga tushgan ayni sinovli kunlarda yoshlarning taʼlim olishlari uchun yaratilayotgan bu imkoniyatlar, albatta farzandlarimizning xavfsizligini taʼminlash va salomatligini asrash maqsadida qilinmoqda. Talabalar vaqtdan unumli foydalanib, onlayn darslarni doimiy oʻzlashtirib borsa, vaqtni besamar oʻtkazmagan boʻlamiz.

Shu oʻrinda yosh avlod vakillaridan Prezidentimizning oʻquvchi va talabalarga, siz aziz farzandlariga yoʻllagan murojaatlarini oʻzlariga ustuvor vazifa va shior qilib olishlarini soʻrab, oltinga teng vaqtni faqat bilim olishga, onlayn darslarni oʻzlashtirib hamda sport va jismoniy mashqlar bilan mashgʻul boʻlishlariga chaqirib qolaman.

Odiljon Mamatkarimov,

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati