OZODALIK VA ORASTALIK OLIJANOBLIKNING OʻZAGIDIR
OZODALIK VA ORASTALIK OLIJANOBLIKNING OʻZAGIDIR
Bugun dunyoning 190 dan ortiq davlati global pandemiyaga aylanib ulgurgan koronavirus balosidan aziyat chekmoqda. Afsuski, bu infeksiya mamlakatimizga ham kirib keldi.
Davlat va hukumat tomonidan epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida oʻz vaqtida zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda, barcha kuch va imkoniyatlar koronavirusga qarshi kurash uchun safarbar etilgan.
Bugungi murakkab vaziyat Prezidentimiz rahbarligida qatʼiy nazorat ostiga olingan, chegaralar vaqtincha yopildi, ommaviy tadbirlar oʻtkazish toʻxtatildi, barcha muassasalarda taʼtil eʼlon qilindi, transportlar harakati cheklandi.
Davlatimiz rahbari joriy 3-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida xalqimizga yana bir bor murojaat qilar ekan, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan qayd etdi. Darhaqiqat, bugungi kunga qadar 30 mingga yaqin qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilgani, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgani, karantin vaqtida ayrim masʼuliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosim oʻtkazganini sira oqlab boʻlmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday nomaʼqul ishlarga nisbatan keskin qonuniy choralar koʻrilishi tabiiy va maqsadga muvofiq.
Prezident murojaatida ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil boʻlayotgani ibrat qilib koʻrsatildi. Jumladan, aholisi zich, qoʻshnilari bilan savdo aloqalari oʻta rivojlangan boʻlishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalishiga yoʻl qoʻymadi.
Mutaxassislar “yapon fenomeni”ni ulardagi oʻziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qoʻlni yuvish, toʻla yuvinish, toʻgʻri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslayotgani eʼtirof etildi.
Shu oʻrinda koronavirus infeksiyasidan himoyalanish shartlari xalqimizning azaliy milliy qadriyatlari bilan uygʻun ekanini ham taʼkidlash joiz. Yaʼni, tozalikka, saranjom-sarishtalikka, ozodalik va poklikka, sogʻlom turmush tarziga amal qilish kifoya. Shu bilan birga, karantin sharoitida eʼlon qilingan tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etishimiz shart va zarur.
Hozirgi kunda mutaxassislar bizdan uyda qolishni, masofadan turib ishlashni, oʻta zaruratsiz koʻchaga chiqmaslikni, shaxsiy gigiyena qoidalarini buzmaslikni, farzandlarimizning uyda turib onlayn dars saboqlarini tinglashlarini va boshqa foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishlarini tavsiya qilishmoqda.
Shunday ekan, davlat tomonidan xalq salomatligini oʻylab epidemiologik xavf-xatarga qarshi barcha chora-tadbirlar koʻrilayotgan bir vaqtda, berilayotgan koʻrsatma va tavsiyalarga amal qilmaslik, loqayd va beparvo boʻlish bizga umuman yarashmaydi.
Maʼrifatparvar jadid bobomiz Abdurauf Fitrat “Oila” asarida yozgan ushbu hikmatli soʻzlarni bir yodga olaylik: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik ana shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam boʻladi”.
Yoki buyuk mutafakkir ajdodimiz Ibn Sino oilada bolani tarbiyalash ota-onaning asosiy maqsadi va vazifasi ekani, oʻz kamchiliklarini tuzatishga qodir boʻlgan ota-onagina tarbiyachi boʻlishi mumkinligini eʼtirof etadi.
Yusuf Xos Hojibning uqtirishicha, har bir kishi jamiyatga munosib boʻlib kamol topmogʻi kerak.
Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) esa, birontangiz oʻz farzandlaringizni tartib-intizomga oʻrgatsangiz, bu har kuni sadaqa bergandan yaxshiroqdir, deya marhamat qilganlar.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, bugungi sinovli kunlardan sogʻ-omon, talafotlarsiz chiqib olishimiz, eng avvalo, oʻzimizga bogʻliq. Aslini olganda, bizdan koʻp narsa talab etilayotgani yoʻq, faqat karantin qoidalarini buzmaslik, uyda boʻlishimiz soʻralmoqda xolos. Ammo, ayrimlarimiz mana shu oddiy tartib-qoidalarni mensimayapmiz yoxud infeksiya tarqalishi qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini oʻz tanamizdan oʻtkazmayapmiz. Intizomga rioya qilmay, oʻzimiz va yaqinlarimiz sogʻligʻini, qolaversa, butun jamiyatni jiddiy tahdid ostiga qoʻymoqdamiz.
Prezidentimiz kechagi videoselektor yigʻilishida talaba va oʻquvchi yoshlarimizga ham alohida murojaat qilib, farzandlarimizni uyda vaqtlarini bekor oʻtkazmaslikka, onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtirishga, kitob oʻqib, bilimlarini oshirishga, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmaslikka daʼvat etdi.
Albatta, bu oʻrinda ham asosiy masʼuliyat ota-onalarning zimmasiga tushadi. Zero, bugun ota-onasining izmidan chiqmay, uyda oʻtirsa ham foydali yumushlar bilan band boʻlayotgan yoshlarimiz juda koʻp ekanligidan yaxshi xabardormiz. Shu oʻrinda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusni amalga oshirish uchun hozir keragidan ortiq imkoniyat borligini aytib oʻtish oʻrinli. Xususan, farzandlarimizning kitobxonlikka ishtiyoqini oshirish, ularda axborot texnologiyalari va internet tarmogʻidan toʻgʻri foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, musiqa va sanʼat bilan mashgʻul boʻlish, yoshlarimiz, ayniqsa, qizlarimizga tikuvchilik, chevarchilik, kasanachilik kabi hunarlarni oʻrgatish, sogʻlom turmush tarziga koʻniktirish uchun yetarlicha vaqt bor. Buning uchun faqatgina ota-onalar, nuroniy bobo-buvilar qunt qilib ozgina jon kuydirsalar bas.
Prezidentimizning xalqimizga murojaatida, shuningdek, karantin davrida ijtimoiy himoya masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilishi qayd etildi. Jumladan, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʻlash uchun qoʻshimcha murojaat va hujjatlar talab etilmasligi, ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytirilishi, ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettirilishi aytildi. Bu choralar orqali hozirdagi 600 mingta kam taʼminlangan oila va qoʻshimcha ravishda yana 120 mingdan ziyod oila qamrab olinadigan boʻldi. Ushbu imtiyozlar ham ehtiyojmand oilalar, ularda tarbiyalanayotgan yoshlarimiz uchun beqiyos gʻamxoʻrlik va eʼtibor namunasidir.
Bu oʻrinda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tuzilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga davlat eʼtiborining yuqoriligidan dalolat beradi. Aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan koll-markazda (qisqa raqam – 1197) volontyor yoshlarimizning safi kun sayin koʻpayib borayotgani quvonarli hol, albatta. Markazning dastlabki ish kunida Toshkentdagi 514 ta mahalla tomonidan berilgan roʻyxat asosida 2000 ga yaqin ehtiyojmand oilalar roʻyxati shakllantirilgan. Karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib berilmoqda.
Koronavirus kasalligi bilan xastalangan keksalar organizmdagi yoshga doir fiziologik oʻzgarishlar, surunkali kasalliklar tufayli uning ogʻir kechish xavfi yuqoriligi qayd etilmoqda.
Shundan kelib chiqib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa hududiy byurosi direktori Xans Klyuge yolgʻiz yashovchi keksalarni qoʻllab-quvvatlash va himoyalash har birimizning ishimiz ekanini alohida taʼkidladi. Shuningdek, barcha davlatlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qariyalarga qaratilgan chora-tadbirlarga har tomonlama koʻmaklashish zarurligiga, yoshi kattalarga hurmat-eʼtibor bilan munosabatda boʻlishga undadi. Aslida kattalarga hurmat-izzat, eʼzoz-ehtiromda boʻlish, ularni asrab-avaylash, yuksak darajada qadrlash xalqimizga xos boʻlgan azaliy anʼana hisoblanadi. Shunday ekan, bugungi tashvishli kunlarda ham birinchi navbatda nuroniy keksalarimizning salomatligini asrashga birinchi galdagi vazifa deb qaramogʻimiz ham qarz, ham farzdir.
– Ozodalik va orastalik olijanoblikning oʻzagidir, – degan edi buyuk allomamiz Beruniy. Olijanoblik esa, bugungi murakkab vaziyatda qatʼiy tartib-intizomda namoyon boʻlmoqda. Shunday ekan, yoshlarimizni ham tartib-intizomga oʻqitaylik-oʻrgataylik, ular ongiga bu boradagi qadriyatlarimizni chuqur singdiraylik.
Xalqimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, degan purmaʼno maqol bor. Bugun Prezident va hukumat odamlarimizni pandemiyadan asrash yoʻlida barcha zarur choralarni amalga oshirmoqda. Demak, bunga javoban biz ham jipslashib, bir musht boʻlib, belgilangan tartib-taomillarga qatʼiy rioya qilib, oʻz burchimizga masʼuliyat bilan yondashishimiz, sabr-toqatli boʻlishimiz shart va zarur.
Zero, koronavirus pandemiyasi butun kurrai zaminni qamrab olib, minglab insonlar umriga zomin boʻlayotgan bir vaqtda, oʻzimizning, oilamiz, yaqinlarimiz va millatimizning sogʻligʻiga, yurtimizning tinchligiga befarq qarashga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Unutmaylik, karantin qoidalarini buzish boshqa insonlar hayotiga daxl qilish bilan barobar.
Dilorom TOSHMUHAMEDOVA,
Oliy Majlis Senatining
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.