El boshiga ish tushganda
Tarbiyachi ham, tarbiyalanuvchi ham oʻz uyida, ammo mashgʻulotlar davom etmoqda
Tarbiyachi ham, tarbiyalanuvchi ham oʻz uyida, ammo mashgʻulotlar davom etmoqda
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin sharoitida yosh avlod taʼlim-tarbiyasida uzilish va boʻshliqlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida taʼlim-tarbiya tizimida mashgʻulotlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositasida masofadan turib davom ettirish tartibi joriy qilingani ahamiyatga molik tadbirlardan boʻldi.
Namangan viloyatida ham maktabgacha taʼlim tizimida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, uning tarqalishini oldini olish, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash doirasidagi ishlar bilan birgalikda uyda qolgan bolajonlar uchun masofaviy mashgʻulotlar olib borish izchil yoʻlga qoʻyildi.
Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi H.Yusupova bu haqda muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:
–Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan va hozirda vaqtinchalik faoliyati toʻxtatilgan 1 ming 244 ta (563 ta davlat, 70 ta nodavlat, 21 ta davlat-xususiy sherikchilik va 590 ta oilaviy) maktabgacha taʼlim tashkilotlarida jami 128 ming 438 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan. Ayni paytda mazkur muassasalarning barchasi hududlardagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan hamkorlikda ikki marotaba profilaktika va epidemiyaga qarshi dezinfeksiya tadbirlari toʻliq oʻtkazilib, binolar va xonalar berkitilib muhrlab qoʻyilgan.
Ayni paytda 563 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamshiralari tomonidan roʻyxatga olingan 107 ming 665 nafar tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan telefon orqali bogʻlanib bolalar sogʻligidan xabar olib turilmoqda. Shuningdek, taʼtilga chiqarilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari masofaviy xabardorlik tartibi yoʻlga qoʻyilgan.
Karantin munosabati bilan berilgan majburiy taʼtil davrida bolalarni taʼlim-tarbiya jarayonidan uzilib qolmasligi maqsadida joriy qilingan masofaviy mashgʻulotlarga qamrab olish va mashgʻulotlar samaradorligiga erishish bugungi kundagi asosiy maqsadimiz. Bu borada https://t.me/namvilhok telegram kanali hamda Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining facebook dagi https://m.facebook.com/namudo1 sahifasida “Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning ota-onalariga, sohada xizmat qilayotgan pedagog-xodimlar, tarbiyachi va murabbiylar hamda jamoatchilik vakillari, hamkor tashkilot mutasaddilariga murojaati” eʼlon qilindi.
Oʻzida 4000 mingdan ziyod obunachini birlashtirgan https://t.me/namvmtb kanali orqali shu kungacha 13 mingga yaqin rasmli, 2 ming 600 dan koʻproq video va 540 dan ortiq ovozli materiallar tayyorlanib doimiy ravishda berib borilishi yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarga maktabgacha taʼlim vazirligi tashabbusi bilan “Bolajon” telekanalida dushanbadan jumagacha soat 8:30dan 16:00gacha televizion dasturlar orqali “Ilk qadam” va “Aqlvoy” nomli mashgʻulotlar namoyish etilmoqda. Tarbiyalanuvchilarning onlayn mashgʻulotlarda qanday ishtirok etayotganligi hamda berilgan vazifalarning qanday bajarayotganligi oʻrganib borilmoqda. Darslar oddiy va sodda tilda olib boriladi va hayotiy misollar orqali tushuntirib boriladi.
Boshqarmada tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan veb-sayt orqali onlayn translyatsiya yaʼni, taʼlimiy mashgʻulotlar olib borilmoqda. Har tomonlama hisob-kitob bilan ishlab chiqilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham eʼlon qilib borilayotgan haftalik mashgʻulotlar jadvaliga qatʼiy amal qilinayotgani esa mashgʻulotlar izchilligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Karantin boshlangandan buyon barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari “Onlayn-bogʻcha” tizimi asosida ish tashkil etib kelmoqda. Ular bolajonlarning uylaridagi boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ota-onalarga bolalarning qoʻl mehnati, yasash, qurish, rasm chizish, sport, oʻqish, sheʼr yodlash, qoʻshiq aytish, raqsga tushish bilan shugʻulanishlarini tashkil etishda onlayn tarzda metodik yordam berib kelmoqda.