EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA: Niyozboshda qulupnay pishdi
Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, “Dehqon boy boʻlsa, davlat boy boʻladi” kabi naqllar bejiz aytilmagan.
Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, “Dehqon boy boʻlsa, davlat boy boʻladi” kabi naqllar bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, yer koni foyda, undan unumli foydalangan kishi boy-badavlat yashaydi. Bunga ishning koʻzini biladigan, mirishkor dehqon va bogʻbonlarimizni misol qilib koʻrsatish mumkin.
Toshkent viloyatining yeri unumdor, iqlimi moʻtadil, suv masalasida muammo yoʻq. Shu bois, aholi tomorqasida deyarli barcha noz-neʼmatlar yetishtiriladi. Parkentning vitaminlarga boy uzumlari va kartoshkasi, Zangiotaning qulupnaylarini, Boʻkaning mazali qovun-tarvuzlarini koʻpchilik yurtdoshlarimiz yaxshi biladi. Yangiyoʻl tumanidagi Niyozbosh qishlogʻi aholisi esa koʻkatlar bilan Rossiya Federatsiyasini ham taʼminlayotgani barchaga maʼlum.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin holati joriy qilinganiga qaramasdan, viloyatda joriy yilda ham bahorgi dala yumushlari, tomorqada meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish bir zumga ham susaygani yoʻq. Eng asosiysi, mazkur hududda yerdan, xususan, tomorqadan foydalanish boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Bu borada viloyat hokimligi tomonidan Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi bilan hamkorlikda muntazam ravishda fuqarolarga zarur tavsiya va yoʻl-yoʻriqlar berilmoqda. Joriy yilda ham bunday tadbirlar davom ettirilib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, bahorgi ekish yumushlarini tashkil etish va mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha qator choralar koʻrilyapti.
Tomorqachilikdagi boy tajribadan bu yil ham unumli foydalanilmoqda. Bugun issiqxonalar bilan birga, dala sharoitida ham sabzavot mahsulotlari yetishtirish qizgʻin pallaga kirgan. Bunga poytaxtimiz bozorlarida sotilayotgan pomidor, bodring, karam va koʻkatlarni koʻrib, ishonch hosil qilish mumkin.
Yangiyoʻllik mirishkorlarning tomorqasida qulupnay pishganiga ancha boʻldi. Bozorlarga kirgan kishi toʻkinlikni koʻrib, shukrona aytishi shubhasiz. Yurtimizdagi bunday toʻkinlik va barakaga koʻz tegmasin. Tezroq sinovli kunlar oʻtib, yana tinch va xotirjam kunlarimiz qaytib kelsin. Hammaning koʻnglida shu gap. Katta-kichik duoda.
Tumandagi 66 mahallada yashovchi 34 ming 403 xonadonning tomorqa maydonlari 2 ming 61 gektardan iborat. “Niyozbosh” qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi tomorqa yerlari esa 248 gektarni tashkil qiladi.
– Bir necha yildan buyon oilam bilan qulupnay yetishtiraman, – deydi Yuksalish mahallasida yashovchi Islom Isroilov. – Bu yil ham 40 sotix maydonda qulupnay parvarish qildik. Hosilimiz pishganiga bir necha kun boʻldi. Yangiyoʻl shahri va poytaxtimizdagi bozorlarga olib chiqyapmiz. Savdo yomon emas. Daromadi ham shunga yarasha boʻladi. Tomorqadan yiliga uch martagacha hosil olamiz.
Guliston mahallasida yashovchi Sodirjon Muhiddinov oilasi esa koʻkat yetishtirish bilan shugʻullanadi. Bugun barcha oila aʼzolari shu yumush bilan mashgʻul. Daromadi ham yaxshigina. Koʻkatlar Rossiyaga ham joʻnatiladi. Boʻsh vaqti boʻlsa, barcha tomorqada mehnat qiladi. Farovon mahallasida istiqomat qiluvchi Nuriddin Rahimovlar oilasi gulchilik bilan shugʻullanadi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Poytaxtimiz aholisini kuz-qish oylarida ham yozdagi kabi sarxil neʼmatlar bilan taʼminlashda viloyat aholisining xizmati katta, albatta. Tajribali dehqon bir qarich yerning ham qadrini yaxshi biladi. U tomorqasining chetini ham boʻsh qoldirmaydi. Yoz mavsumida dala sharoitida, qish paytida esa issiqxona barpo etib mahsulot yetishtiradi. Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyoʻl va Parkent tumanlari aholisi yerdan foydalanishning hadisini olgan.