Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
El boshiga ish tushganda
14:09 / 2020-04-29

Barchamiz faol ishtirokchiga aylanishimiz kerak


Barchamiz faol ishtirokchiga aylanishimiz kerak

Shu kunlarda yurtimizning barcha joylarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy boʻlinmalari, fermerlar va klaster xoʻjaliklari, tadbirkorlarimiz, xullas barcha yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Jumladan, ushbu tashabbusga Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati, “Sharq qurilish servis” MCHJ rahbari Shuhrat Sharipov, xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashi deputati, “Saksonov” MCHJ rahbari Abdukarim Saksonov, xalq deputatlari Gʻozgʻon shahar Kengashi deputati, “Mashʼal Baraka” xususiy korxonasi rahbari Mashʼal Qodirov va boshqa deputatlar ayni paytda tashabbus doirasida faollik koʻrsatayotir.

Ular kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor va ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolarga begʻaraz yordam sifatida oziq-ovqat mahsulotlari va zarur tibbiy vositalar tarqatyapti, oilalarni otaliqqa olib, yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlamoqda.

Ayni kunlarda esa oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligini taʼminlash maqsadida qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz tomorqalariga turli sabzavot va dukkakli ekinlar ekayotir.

Xalq deputatlari Nurota tuman Kengashi deputati Abdusamad Oʻrozbekov “Istiqlol” MFYda istiqomat qiladi. U bugungi kunda nafaqat tomorqasida ekinlar parvarishlamoqda, balki karantin qoidalariga rioya qilgan holda xonadon sohiblari bilan uchrashib, ayni kunlardagi pandemiya holatida vahimaga tushmaslik, shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilish har jihatdan foydali ekanligi, tomorqaning afzalliklarini keng targʻib qilish bilan birga turli sabzavot koʻchatlarini hamqishloqlariga tarqatmoqda. Shu kunga qadar deputat tomonidan 85 nafar oilaga begʻaraz yordam sifatida 8500 dona pomidor koʻchati tarqatildi.

– Ukamning fermer xoʻjaligi mavjud. U yerda boshqa tarmoqlar bilan birga turli sabzavot koʻchatlari yetishtiriladi. Bugungi kunda pandemiya sabab iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan mahalladoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni oʻz oldimizga maqsad qilib olganmiz. Fermer xoʻjaligimizda yetishtirilayotgan koʻchatlardan aholimizga bepul tarqatmoqdamiz, – deydi A.Oʻrozbekov.

Albatta, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz dasturxoni toʻkinligi yoʻlida olib borilayotgan bu kabi saʼyi-harakatlar eng avvalo, yurtdoshlarimiz manfaatiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, mamlakat ichki bozorini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

Abduvali Boʻriyev,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish”
demokratik partiyasi Navoiy viloyati
Kengashi matbuot kotibi