Tashrif so‘zi tilimizga arab tilidan o‘tib o‘zlashgan bo‘lib, uning o‘zagi – sharafdir. Har tomonlama obro‘-e’tibor, hurmatga ega bo‘lgan kishilarning biror manzilga borishi “tashrif buyurmoq” jumlasi orqali ifodalanadi.
Chunki bunday martabali kishilarning bosgan qadamlari o‘sha manzil-makon qadr-qimmatini oshiradi, nurga, sharafga burkaydi. Bugungi kunda bu jumla ko‘proq Respublikamiz Prezidentining biror joyga kelishi, borishiga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Joriy yilning 11-12 iyul kuni Prezidentimizning viloyatimizga mana shunday navbatdagi tashrifi amalga oshirildi. Tarixiy Qo‘qon shahridan boshlangan tashrif ko‘hna va viloyatimizning eng katta tumanlaridan biri bo‘lgan Quvada yakunlandi.
“Vodiy gavhari” deya e’tirof etilgan go‘zal Farg‘ona surat va siyratida ro‘y berayotgan islohotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, mehnatkash, yaratuvchan xalq qalbiga yaqindan quloq solish maqsadida amalga oshirilgan bu ikki kunlik tashrif yakunlariga bag‘ishlangan katta anjumanda videoselektor orqali bo‘lsa ham bevosita ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘lganimdan ko‘ksim g‘ururga, qalbim hayajonga to‘ldi. Zero, she’r – tuyg‘u, shoir – tuyg‘uchi degani. Shunday ekan, jamiyatimizda, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan hamma o‘zgarishlar, keng ko‘lamli islohotlar, eng avvalo, ziyolilar, shoirlarning qalbiga ta’sir ko‘rsatadi.

– Yer yuzi aholisi g‘oyat tezkor, tahlikali kunlarni boshidan kechirayotgan kunlarda men Farg‘onaga balandparvoz va’dalarni, soxta qarsaklarni eshitish uchun emas, sizlar bilan dildan, samimiy suhbat qurish maqsadida keldim, – dedilar Yurtboshimiz ma’ruzalarining avvalidayoq va bu g‘oya tadbir boshidan oxirigacha har bir ishtirokchi qalbida shiorday yangrab turdi.
Oliy ta’lim ustozlarining vakili sifatida bu tarixiy anjumanda ishtirok etib o‘tirar ekanman, “Mabodo menga so‘z berib qolinsa, nimalarni gapirgan bo‘lar edim?” degan xayolda ko‘nglimdan quyidagi o‘y-fikrlar kechdi.
Mamlakatimizda ilm-fanga, ma’naviyat va ma’rifatga, yoshlar va keksalarga qaratilayotgan yuksak e’tibordan behad xursandmiz va bular bizga ham ilmiy, ham badiiy asarlar yozishimiz uchun bitmas-tuganmas ilhom bermoqda.
Yurtboshimizning alohida e’tibori, tashabbusi bilan oliy ta’limga moliyaviy mustaqillik huquqi berilganligi juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Buni birgina ilmiy daraja va unvonlar olish sohasidagi yutuqlarda ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Respublikamizda to‘rtinchi bo‘lib “universitet” maqomini olgan bizning Farg‘ona davlat universitetimizda ayni kunlarda faoliyat olib borayotgan 7 ta ilmiy kengashda birin-ketin ilmiy darajalar himoya qilinmoqda. Jamoamiz ustozlari tomonidan so‘nggi 8 yilda 350 dan ortiq doktorlik (DSc) va PhD ilmiy darajalari himoya qilindi, yuzga yaqin professorlik va dotsentlik ilmiy unvonlari olindi.
O‘tgan 2023 yil nihoyasida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Bular qatorida davlat tilimiz – o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgani, milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga shu o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi, boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytirilishi biz filologlarni, ayniqsa, quvontirdi.
Prezidentimiz hamisha ona tilimizni onadek ardoqlashimiz kerakligini talab qilib, jahon minbarlarida ona tilimizda ma’ruza qilib, uning nufuzini ko‘tarib, xalq bilan xalqona tilda gaplashish borasida ham shaxsiy namuna ko‘rsatib kelmoqda.
Majlisda Yurtboshimiz tomonidan aytilgan har bir so‘zdan ta’sirlanib, hayajonlanib o‘tirdim, ayniqsa, viloyatimizning har bir jonkuyar rahbari, sadoqatli farzandiga qarata “Bizning mana shu muqaddas Vatanimiz, yurtimiz uchun qilayotgan beminnat mehnatimizni xalqimiz, elimiz bilsa bo‘lgani...” deya qayta-qayta ta’kidlaganlaridan juda quvondim.
Yurtboshimizning bu fikrlari O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon qalamiga mansub, ardoqli hofizimiz Sherali Jo‘rayev tomonidan maromiga yetkazib kuylangan “Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi, Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi...” deya boshlanadigan qo‘shig‘ini yodimga soldi va bu hayajonlar daftarimga quyidagi nazmiy satrlarning to‘kilishiga ham sabab bo‘ldi:
Havoyi gaplardan charchadi zamon,
Samimiy, xalqona suhbat quraylik!
Baland cho‘qqilarga qo‘yilgan narvon,
Ohista, zalvorli qadam qo‘yaylik!
Yangi O‘zbekiston niyati nadir?
Kelinglar, shu haqda o‘ylab ko‘raylik.
Bizga nasib qilsin shundayin taqdir –
Shavkatli, tinch-omon davlat quraylik!..
Siddiq Mo‘min,
Farg‘ona davlat universiteti professori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
O‘zA