Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida, mahallalarida davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi shodiyonalari davom etmoqda.
Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyi ochiq maydonida o‘tkazilgan bayram tadbiri barchaga ko‘tarinkilik va o‘zgacha shukuh ulashdi.
Bayram tantanasini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tabrik so‘zi bilan ochib, ayyom qatnashchilarini va ularning timsolida barcha Farg‘ona ahlini mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi bilan qutladi.
– Prezidentimiz boshchiligida Vatanimizda yangi uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor qurish boshlangan paytda nishonlanayotgan ushbu bayram barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi viloyat hokimi. – “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bosh mezonga aylangan yurtimizda olib borilayotgan adolatli siyosat, xalq roziligi yo‘lida bo‘layotgan o‘zgarishlarning amaldagi ifodasini har bir farg‘onalik kundalik hayotida sezib turibdi.
Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan 23 nafar viloyatimiz vakillari davlatimizning faxriy unvonlari, orden-medallar bilan taqdirlangani bizni faxrlantirdi. Prezidentimizning may oyida viloyatimizga tashrifi chog‘ida “Biz Farg‘onadan katta natijalar kutamiz. Tarixdan ilm-fan, madaniyat, hunarmandchilik yo‘nalishlarida namuna bo‘lgan farg‘onaliklar mehnatsevar, ishbilarmon xalq. Bu salohiyatni, ichki imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, xalqimizni rozi qilish kerak” degan fikrlari bu yilda oldimizda katta vazifalar turganini belgilab beradi. Albatta, ishonchga munosib javob berishga barcha farg‘onaliklar sadoqat bilan mehnat qilib, yil yakuniga qadar har bir sohada yuqori natijalarga erishishga astoydil bel bog‘ladik.
[gallery-8591]
Viloyat hokimi tashabbusi bilan bu yilgi mustaqillik bayramidan boshlab Farg‘ona viloyatida maktablarni rivojlantirish, xalq ta’limi, kasbiy ta’lim va oliy ta’lim tizimining muammolarini hal etish, ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilashga qaratilgan umumviloyat harakatiga start berildi.
Muazzam maydonda ona-vatan, tinchlik, istiqlolni madh etuvchi taronalar yangradi. Turli millat va elat vakillaridan iborat milliy-madaniy markazlarning badiiy chiqishlari, bag‘rikeng xalqimiz qalbida yashab kelayotgan xalq qo‘shiqlari-yu, laparlar jarangi shahar bo‘ylab yoyildi. Ayniqsa, yurtimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targan harbiy yigitlar shaxdam-shaxdam qadam bosib, sahna aylanganda katta-yu kichikning qalbi faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ldi.
Ilm-fan sohasida ulkan yutuqlarga erishgan yoshlar, jahon arenalarida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan sportchilar xalqimiz tomonidan olqishlandi. Ularning ko‘zlaridan uqqanlarimiz: “O‘zbekiston, ertangni ishon menga!” degan orzu-maqsadlar bo‘ldi.
Nuroniylarning duoga ochilgan qo‘llari “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin”, degan niyatlar bilan to‘ldi.
Bayram tantanalari viloyat va respublika san’at ustalarining katta gala-konserti va teatrlashtirilgan tomoshasi bilan davom etdi.
Mushaklar salyuti esa Farg‘onadagi Mustaqillik bayrami osmoniga turfa ranglar qo‘shdi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat