El ardog‘idagi baxtli qizlar
Toshkent pedagogika kasb-hunar kollejida “Zulfiyaxonim qizlari el ardog‘ida” mavzuida adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Toshkent pedagogika kasb-hunar kollejida “Zulfiyaxonim qizlari el ardog‘ida” mavzuida adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hamkorligida tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlod, ayniqsa, qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni o‘n ikki yillik ta’lim bilan to‘liq qamrab olish, zamonaviy kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad yoshlarga oid davlat siyosatini ta’lim maskanlari, mahallalarda keng targ‘ib etish, ulg‘ayib kelayotgan avlod ongu shuurini turli mafkuraviy tahdidlardan himoyalash, qizlarning Vatan, jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari salohiyatidan kengroq foydalanishdan iborat.
– Iste’dodi, iqtidorini namoyon etib yuksak mukofot sohibalari bo‘lgan tengdosh qizlarni ko‘rib, ularga havasim keldi, – deydi Toshkent pedagogika kolleji o‘quvchisi Mohiraxon Anvarova. – Yurtimizda bilim olishimiz, iste’dodimizni namoyon qilish uchun yaratilgan barcha sharoitlardan oqilona foydalanib, kelajakda tanlagan sohamizning yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun harakat qilamiz.
Tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida mushoira tashkil etildi, o‘quvchilar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.