Ekvadorda jinoiy guruh rahbari qamoqdan qochib ketganidan keyin keskinlik kuchaymoqda. Ekvadorda qurollangan shaxslar “TC Televisión” telekanali studiyasiga bostirib kirib, jonli efir paytida ishlayotgan xodimlarni garovga olgan, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
Ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan kadrlarda niqobli odamlar studiyadagilarni qanday garovga olgani ko‘rsatilgan.
Ekvador politsiyasi Machala shahrida uyushtirilgan operatsiyada jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 3 nafar politsiyachining qutqarilganini va boshqaxodimlarniham ozod qilish amaliyotlari davom etayotganini bildirgan. OAV xabarlariga ko‘ra, qamoqxonalardagi jinoiy guruh a’zolari 130 dan ortiq qo‘riqchini garovga olgan va ulardan bir qismini o‘ldirgan.
Guayakil shahrining ayrim qismlarida xavfsizlik kuchlari va qurollangan shaxslar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Telekanalning jonli efir paytida uyushtirilgan hujumdan so‘ng darhol shaharning turli joylarida qurolli guruhlar qo‘zg‘olon ko‘targan, natijada 8 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, ikki kishi jarohat olgan.
Shuningdek, telekanalga hujum qilgan 13 nafar jinoiy guruh a’zosining qo‘lga olingani aytilmoqda.
Shahar meri Akiles Alvaresning ma’lum qilishicha, hujumchilar mashinalarga qarata o‘q uzish chog‘ida 5 kishini, ehtiyot qismlar omboriga uyushtirilgan hujum paytida esa yana 5 kishini o‘ldirgan.