Ekvador milliy terma jamoasi shu vaqtga qadar 4 marta Jahon chempionatida ishtirok etgan.
Futbol bo‘yicha yozda start oladigan Jahon chempionatiga ham oz fursat qolmoqda. Mundialning "E" guruhidan Germaniya, Ekvador, Kot-d’Ivuar va debyutant Kyurasao terma jamoalari joy olgan.
Ekvador terma jamoasi tarixi
Ekvador futbol federatsiyasi 1926-yilda FIFAga keyinchalik esa Konmebolga a’zo bo‘ldi. Terma jamoa o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 1938-yilda o‘tkazgan. O‘shanda ular Boliviya terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan va 1:1 hisobida durang natija qayd etgan. Ekvador o‘zining eng yirik g‘alabasiga 1975-yilda Kitoda Peru ustidan erishgan 6:0. Eng yirik mag‘lubiyatini esa 1942-yilda Argentinadan qabul qilib olgan. Ushbu bahs Messi vatandoshlarining 12:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Ayni vaqtda Ekvador terma jamoasi FIFA reytingida 23-o‘rinni egallab turibdi.

Jahon chempionatidagi natijalari
Ekvador milliy terma jamoasi shu vaqtga qadar 4 marta Jahon chempionatida ishtirok etgan. Ilk bor 2002-yilda Yaponiya va Janubiy Koreya hamkorligida bo‘lib o‘tgan mundialda ko‘rinish bergan. Ularning Jahon chempionatidagi eng yaxshi natijasi nimchorak final bosqichi hisoblanadi. "El-trikolor" 2006-yilda Germaniya mezbonlik qilgan mundialning nimchorak finaligacha yetib borgan. Bundan tashqari, 3ta mundial ham Ekvador uchun guruh bosqichining o‘zida yakuniga yetgan. 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ular "A" guruhidan joy olgan. Dastlabki turdagi g‘alabaga qaramay, terma jamoa keyingi ikki uchrashuvda raqiblarga imkoniyatni boy berib guruhda qolib ketgan.

Eng yaxshi futbolchilari
Ekvador milliy terma jamoasi safida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Ivan Xurtado hisoblanadi. U milliy terma jamoa libosida 168ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan. Eng yaxshi to‘purar esa Enner Valensiya sanaladi. Jamoa sardori hisobida ayni vaqtda 48ta gol mavjud. Jamoa tarixidagi eng nomdor futbolchi deb Antonio Valensiya e’tirof etiladi.

Hozirda Ekvador terma jamoasida Pero Hinkapiye, Uilliam Pacho, Pervis Estupinyan, Moyzes Kaysedo va Enner Valensiya singari yulduzlar to‘p tepmoqda.
Ma’lumot uchun, Ekvador terma jamoasi mundialdagi ilk o‘yinini 15-iyun kuni Kot-d’Ivuarga qarshi o‘tkazadi. 2-turda debyutant Kyurasao bilan 21-iyun sanasida bellashadi. So‘nggi turda esa Germaniyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv 25-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.