English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ektor Kuperni faqat Osiyo kubogidagi gʻalaba qoniqtiradi
16:10 / 2018-12-06

Xush, Milliy terma jamoamiz bunga qay darajada tayyor?


Xush, Milliy terma jamoamiz bunga qay darajada tayyor?

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yana bir oydan keyin Birlashgan arab amirliklarida start oladigan Osiyo kubogida oʻz omadini sinab koʻradi. Vakillarimiz musobaqaning guruh bosqichida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston terma jamoalariga qarshi toʻp surishadi. Ektor Kuper oʻz shogirdlari bilan boʻlajak bellashuvlarga qizgʻin hozirlik koʻrishmoqda. Toshkentda tashkil etiladigan qisqa muddatli yigʻindan keyin milliy terma jamoamiz 14 dekabr kuni Turkiyaga joʻnab ketadi. Yangi yil bayrami arafasida yurtimizga qaytib keladigan futbolchilarimiz bayram shodiyonalarini oʻtkazishib, darhol BAAga yoʻl olishadi.

Albatta, muxlisu mutaxassislarda terma jamoaga doir savollar toʻplanib qolgandi. Ayniqsa Avstraliyada tashkil etilgan yigʻinda qayd etilgan magʻlubiyatlar, buning ustiga vakillarimizning yashil qitʼada koʻrsatgan nursiz oʻyinlaridan keyin janob Kuper futbol jamoatchiligi oldida hisobot bermagandi. Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi majlislar zalida terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjuman avvalida terma jamoamiz ustozi Avstraliyadagi yigʻinga toʻxtalib oʻtdi.

- Avstraliyadagi yigʻindan keyin barchada savollar toʻplanib qolgandi. Avstraliyada tashkil etilgan yigʻin doirasidagi ikkita oʻrtoqlik uchrashuvida qayd etilgan natijalarimiz salbiy boʻldi. Ayniqsa Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi oʻyinda xatolarimiz koʻpayib ketdi, oʻyinimiz umuman qovushmadi. Albatta, har qanday magʻlubiyat yoqimsiz boʻladi, ammo uning foydali tomonlari ham bor, xususan murabbiylarga. Murabbiy sifatida xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarib oldik. BAAda boʻladigan Osiyo kubogidan umidim katta.

Maʼlumki, Ektor Kuper milliy terma jamoamiz bosh murabbiyligiga avgust oyida tayinlandi. Oʻtgan vaqt davomida argentinalik mutaxassis boshqaruvida terma jamoamiz 4ta yigʻin tashkil etdi. Avvaliga ichki chempionatimizda toʻp surayotgan futbolchilar ishtirokida Toshkentda qisqa muddatli yigʻin, keyin sentyabr oyida legionerlar bilan kuchaytirilgan tarkib hamda Suriya va Eron terma jamoalariga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazildi. Oktyabr oyida yana Toshkentda yigʻin va uning doirasida Shimoliy Koreya hamda Qatar terma jamoalari bilan boʻlgan oʻrtoqlik uchrashuvlari. Nihoyat noyabr oyida bosh jamoamiz yashil qitʼa Avstraliyada yigʻin tashkil etdi va unda vakillarimiz Livan hamda Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi bahs olib borishdi. Mana shu 6 oʻyinda Ektor Kuper shogirdlari ikkitadan gʻalaba, durang va magʻlubiyat qayd etdi, toʻplar nisbati esa 4-5. Albatta, oʻrtoqlik oʻyinlarida natija muhim emas. Bunda murabbiy turli taktik uslublar ustida ishlaydi, futbolchilarning imkoniyatlarini koʻzdan kechirib oladi va oʻzi uchun tegishli xulosalarni chiqaradi. Xush, oʻtkazilgan oʻyinlar janob Kuper uchun terma jamoa borasida maʼlum xulosa chiqarish uchun yetarli boʻldimi?

- Shuni alohida taʼkidlashni istardim, men har qanday oʻyinga, u xoh oʻrtoqlik, xoh rasmiy uchrashuv boʻlsin, bir xil yondoshaman. Lekin oʻrtoqlik oʻyinlarining yaxshi jihati shundaki, oʻzingizda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yangi taktikalarni sinab koʻrishingiz mumkin. Balkim mening oʻyin uslubim kimgadir yoqmayotgan boʻlishi mumkin. Lekin shu oʻrinda Fransiya terma jamoasini jahon chempionatida koʻrsatgan oʻyinini misol keltiraman. Ularning mundialdagi oʻyini koʻpchilikka yoqmagan boʻlishi mumkin, lekin bu ularga natija keltirdi. Agar xato qilayotganimga amin boʻlsam, oʻz uslubimni oʻzgartirishim mumkin, men buni toʻgʻri qabul qilaman. Ehtimol Osiyo kubogida boshqacha taktikada oʻynarmiz.

Janob Kuper avvalgi intervyularida milliy terma jamoamizning noyabr oyidagi yigʻiniga shakllangan tarkib bilan borishimizni aytib oʻtgan edi. Biroq, turli sabablarga koʻra noyabr oyidagi yigʻinda tarkib optimal koʻrinish olmadi. Boz ustiga natijalarimiz mutlaqo qoniqarsiz koʻrinish hosil qildi. Bunday vaziyatda murabbiylar tarkibda jiddiy oʻzgarishlarni amalga oshirishadi. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: Osiyo kubogi oldidan terma jamoamiz tarkibida jiddiy oʻzgarishlar kuzatilishi mumkinmi?

- Osiyo kubogiga boradigan tarkibni tanlab olishda faqatgina noyabr oyidagi yigʻinga urgʻu bermaymiz. Avvalgi yigʻinlar orqali futbolchilar haqida yetarlicha xulosalar chiqarganmiz. Dekabr oyida 15 kunlik yigʻin oʻtkazamiz. Ushbu yigʻinda ham bir qator yangi futbolchilarni sinab koʻramiz. Shundan keyin yakuniy tarkibni aniqlaymiz. Odatda murabbiylar tarkib tanlashda ikkita muammoga duch kelishi mumkin: yo saviyali futbolchi yetishmasligi yoki yaxshi futbolchilarning haddan tashqari koʻpligi. Ammo men buni muammo deb hisoblamayman. Ixtiyorimda bor futbolchilardan kelib chiqib jamoa tuzaman. Masalan, Germaniyada kuchli futbolchilar haddan tashqari koʻp, ammo ular JCHda guruhdan ham chiqa olishmadiku. Shuni alohida taʼkidlayman, biz tarkib borasida ham muvozantga erishishimiz kerak.

Ektor Kuperni Oʻzbekiston terma jamoasi boshqaruviga jalb etishayotganida uning oldiga birlamchi vazifa sifatida bosh jamoamizni 2022 yili Qatarda boʻladigan mundialga olib chiqish vazifasi qoʻyilgandi. Osiyo kubogi esa Kuperga shunchaki JCH-2022ga tayyorgarlik vazifasini oʻtab berishi kerak. Ammo Osiyo kubogi oddiygina xalqaro turnir emaski, unga eʼtiborsiz qaralsa. Ayni vaziyatda janob Kuperni qanday natija qoniqtiradi?

“Maqsadimiz – Osiyo kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritish”, - dedi terma jamoamiz bosh murabbiyi. Bu yaxshi albatta, axir maqsadsiz musobaqada ishtirok etishdan qanday maʼno bor. Terma jamoamizning argentinalik ustozi esa chempionlikni koʻzlamoqda. Shu oʻrinda bir mulohaza, shu kungacha janob Kuper hech bir jamoa bilan, xoh u klub boʻlsin, xoh terma jamoa hech qachon chempionlikka erishmagan, eng yuqori natijasi final boʻlgan. U Oʻzbekiston terma jamoasi boshqaruvida oʻzi uchun noxush anʼanaga barham bersa qaniydi, ammo takrorlagan taqdirda ham bundan hech kim ranjimasa kerak. Axir Osiyo kubogida finalchi boʻlish biz uchun necha yillik orzuku.