Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlar va O‘zbekiston ovchi va baliqchilar birlashmasi a’zolari o‘rtasida ikkinchi bor Aydarko‘l sohillari bo‘yida «Men ham Vatan himoyachisiman» shiori ostida «Ekstremal sharoitlarda yashovchanlik» mavzusida uch kunlik o‘quv yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
O‘quv yig‘inining ilk kunini ishtirokchilar saf ko‘rigi bilan boshladi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar tomonidan Toshkent, Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlaridan kelgan 60 ga yaqin ovchilar uchun ekstremal sharoitda yashashga mo‘ljallangan mavsumiy usullar namoyish etilib, harbiy qurol-aslahalar va ov uchun mo‘ljallangan qurollar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Ishtirokchilar ekstremal sharoitda yashash uchun tabiatning bergan ne’matidan unumli foydalangan holda ichimlik suvini topish, uni tozalash va saqlay bilish kabi mashg‘ulotlarni bajardi. O‘zaro hamkorlikdagi o‘quv yig‘inining asosiy bosqichlari Aydarko‘l sohillarida yegulik izlash bilan boshlandi. Sohil bo‘ylab harbiylar va ovchilar guruhlarga bo‘linib ovchi itlar yordamida iz olish, uni qidirib topish, qayiqlar yordamida baliq ovlash mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli ado etishdi. Ikki tomonlama hamkorlikda o‘tkazilgan o‘quv yig‘ini davomida harbiylar va ovchilar o‘zaro fikr almashib, ekstremal sharoitda yashovchanlik qobiliyatini ko‘rsatdilar.
-Harbiylar va ovchilar o‘rtasida ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan noan’anaviy o‘quv yig‘inidan ko‘zlangan maqsad o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yosh harbiy xizmatchilarni qiyin sharoitlarda yashovchanlik mahoratini oshirish bilan birga jismonan chiniqtirish va harbiy sport o‘yinlari orqali mergan jangchilarni aniqlashga qaratilgan, - deydi podpolkovnik Jamshid Narziyev. - O‘quv yig‘inida ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilib turli xil usullarda olov yoqish va uni ushlab turish, ovlangan parranda va baliq go‘shtidan har xil turdagi taomlar tayyorlash mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ishtirokchilarning mahoratlari oshirildi.
Uch kun davom etgan o‘quv yig‘ini yakunida harbiylar va ovchilar o‘rtasida qush va hayvonlar ovozini o‘xshatish va ularni o‘ziga jalb qilgan holda ov qilish mahoratlari borasida tajriba almashildi.
O‘tkazilgan har bir mashg‘ulot va musobaqalar yakunida, eng ilg‘or ovchi va harbiylar aniqlanib turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi va faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alariga bilan taqdirlandi.
Jamshid YORBEKOV(surat), O‘zA