Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ekspozitsiyada turli jabhalarda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan yoshlar talqini
20:54 / 2022-05-19

Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda tinchlik va birlik qadriyatlarini ifoda etgan an’anaviy Yevropa kuniga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent fotosuratlar uyida ochilgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash: Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligining siymolari” fotoko‘rgazmasi ana shunday tadbirlardan biri.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan O‘zbekistonning turli jabhalarda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan 34 nafar faol yoshlari fotolavhalari stenddan joy olgan. Ular Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarda o‘zining iqtidori va salohiyatini namoyon etgan yoshlardir.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi elchisi Sharlotta Adrian tadbir ochilishida so‘zga chiqib, mamlakatimiz yoshlari jamiyatga o‘z ijodkorligi, innovatsiyalari, resurslari va xayrixohligi bilan ulkan hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

[gallery-7175]

– O‘zbekiston yoshlari Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy muammolarni hal qilishga ko‘maklashmoqda. Ko‘rgazmada Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligi siymolari o‘zbek yoshlarining kichik bir qismi bo‘lsa-da, ular mamlakat kelajagiga bergan va’da va ulkan salohiyatining yorqin tasvirini taqdim etdi. Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi rivojlanishning ayrim muhim yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim, savdo va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha mustahkamlanayotgan aloqalarni sarhisob qilish va e’tirof etish imkoniyatini beradi, –dedi Sh.Adrian.

Ta’kidlanganidek, bu yil Yevropa kuni Yevropa yoshlar yili doirasida o‘tkazilishi mamlakatimizdagi bu kabi qadriyatlar bilan hamohangligi yanada e’tiborlidir.

– Yevropa Ittifoqi tomonidan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni ko‘plab loyihalarga jalb qilish borasidagi hamkorlik aloqalari amaliy samara beradi. – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bosh ilmiy kotibi Feruza Obidjonova. – O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tasarrufida va har bir viloyatda yoshlarning ta’lim olishi uchun ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgan va u yerda barcha shart-sharoit yaratilgan. Biz ham yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli loyihalarni amaliyotga tatbiq etib kelyapmiz. Shu bilan birga, bu kabi loyihalarda Yevropa Ittifoqi hamkorligidan mamnunmiz.

Ko‘rgazma 26 mayga qadar davom etadi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri