Bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida eksportyor va importyor tadbirkorlar ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbir avvalida Prezidentimizning 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur farmon bilan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish, chegara o‘tkazish punktlaridagi nazorat tartibotlarini yaxshilash, bojxona to‘lovlari va yig‘imlarini undirish tartibini soddalashtirish, tovarlar chiqarib yuborilgandan keyingi bojxona nazoratini takomillashtirish hamda notarif tartibga solish choralarini yengillashtirishga qaratilgan qator islohotlar belgilangan.
Xususan, 2026 yil 1 martdan boshlab tovarlarni chegara bojxona postiga yetib kelgunga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirish amaliyoti joriy etiladi. Shuningdek, dastlabki deklaratsiyalash orqali rasmiylashtirilayotgan tovarlar uchun bojxona yig‘imi 20 foizga kamaytiriladi, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashda esa 14 kungacha foiz hisoblanmaydi.

Qolaversa, 2026 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi, xavf darajasi past bo‘lgan holatlarda esa ta’minot miqdori pasaytirilgan holda qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Ochiq muloqot chog‘ida mazkur farmonning qabul qilinishi tadbirkorlarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi tadbir ishtirokchilari tomonidan ijobiy baholandi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini bevosita bojxona mas’ullariga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi. Bildirilgan murojaatlar atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA