Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi.
Unda viloyatdagi bojxona brokerlik firmalari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar, soha xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvdan maqsad, Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati yo‘nalishida uchrayotgan muammolarni ijobiy hal qilishdan iborat. Unda tadbirkorlarning muammolari, o‘z faoliyatini amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha fikrlashildi.

So‘ng bir guruh bojxona faxriylari bilan muloqot uyushtirildi. Unda Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli boshqarmalari vakillari qatnashdi.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida bojxona faxriylari uchun belgilangan imtiyozlar haqida suhbatlashildi.
Unda qonunchilikdagi normalar mazmun-mohiyati bojxona faxriylariga yana bir bor yetkazildi. Shuningdek, kelgusida davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga doir, xususan, xodimlarning ijtimoiy muhofazasiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda bojxona pensionerlarining manfaatlari ham inobatga olinishi ma’lum qilindi.

Buning uchun Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston bojxona xizmati Faxriylari uyushmasi o‘rtasida samarali muloqot va izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yish yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA