French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksportni qo‘llab-quvvatlovchi bojxona rejimi
17:01 / 2026-01-29

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi imkoniyatlaridan samarali foydalanib, eksport salohiyatini izchil ravishda oshirib borayotgan korxonalar faoliyatida sayyor o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlar davomida “Buxoro Meva Sabzavotchilik Eksporti” MCHJ faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Qayta ishlash maqsadida xorijdan olib kelinayotgan xomashyo va mahsulotlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish, ularni saqlash hamda qayta ishlash jarayonlari ko‘zdan kechirildi.

Korxona 2025 yildan buyon “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu davr mobaynida umumiy qiymati 1,1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan, qariyb 1070 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa tovarlar import qilingan. Shundan 61 ming AQSH dollari qiymatidagi 74 tonna mahsulot aynan ushbu bojxona rejimi doirasida rasmiylashtirilgan.

Shu bilan birga, korxona tomonidan qayta ishlangan qiymati 900 ming AQSH dollariga teng, umumiy vazni 400 tonnadan ortiq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari MDH davlatlariga eksport qilinib, tashqi bozorlarga yo‘naltirilgan.

– “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi amalda eksportni qo‘llab-quvvatlovchi samarali va aniq mexanizm. Mazkur rejim tadbirkorlarni yil davomida uzluksiz xomashyo bilan ta’minlash imkonini yaratib, ishlab chiqarish jarayonining mavsumiylikka bog‘liqligini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi  korxona rahbari Sherzod Jumayev.

Uchrashuv yakunida tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Unda nazarda tutilgan imtiyoz va imkoniyatlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.