Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksportni oshirish, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi
10:58 / 2024-02-01

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 dekabr kuni IT Park majmuasiga bo‘lgan tashrifi chog‘ida sohani yanada takomillashtirishga doir bir qancha vazifalar belgilanib, mahalliy kompaniyalarni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlash va xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazilgan “IT Park 2024: Achievements & Vision” deb nomlangan tadbirda IT Parkning 2023 yilda erishgan natijalari va faoliyati sarhisob qilindi. Unda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni sifatli amalga oshirish yo‘lida rejalashtirilgan ishlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish masalasiga alohida urg‘u berildi.  

Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari, IT Park rezidentlari ishtirok etdi.  

Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, IT Park rezidentlarining eksport hajmi ijobiy dinamikani saqlab qolgan holda jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Yil yakuniga ko‘ra, rezidentlarning eksport hajmi 344 million dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 barobarga ko‘p. O‘tgan yilgi ko‘rsatkich 140 million dollarni tashkil etgan edi.  

Xususan, xizmatlar eksportining 57 foizi (196 million dollar) xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga, 23 foizi (79 million dollar) oziq-ovqat kompaniyalariga va 20 foizi (69 million dollar) BPO xizmatlarini ko‘rsatuvchi rezident kompaniyalarga to‘g‘ri keldi.  

Ta’kidlash joizki, taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli IT Park rezidentlari qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, mamlakatimizda IT mutaxassislar safini kengaytirmoqda. 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, rezident kompaniyalarda 26 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.  

Tadbirda mahalliy kompaniyalarni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlash va xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etishga yo‘naltirgan holda IT Park faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.  

Tadbir so‘ngida 2023 yilda sohada faol kadrlar tayyorlash, eksport hajmi eng yuqori bo‘lgan, startap loyihalarga sarmoya kiritishda faol ishtirok etgan IT Park rezidentlari taqdirlandi.  

N.Rahmonova, O‘zA muxbiri.