“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi bilan dunyo bozoriga kirib boradigan oziq-ovqat maxsulotlari avvalo karantin xizmati davlat inspektorlari, maxsus laboratoriyalar ko‘rigidan o‘tadi. Shundan keyingina mahsulotga fitosanitariya sertifikati rasmiylashtiriladi.
Hozir qaysi boqqa bormang, mevalar yig‘ib- terib olinmoqda. Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari faoliyati ham ayni qizigan palla. Ular ishni bog‘lardan boshlaydilar. Shundan so‘nggina mevani qayta ishlash, quritish, saqlash jarayonini kuzatadilar. Oxir- oqibat eksportga yuboriladigan qismi yana bir bor ular ko‘rigiga taqdim etiladi.


– Haftada 2-3 marotaba chiqayotgan mahsulotdan namuna olib viloyat markaziy laboratoriyasiga yuboramiz. U zararkunanda va boshqa kasalliklardan xoli bo‘lishi kerak, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Quva tuman bo‘limi fitosanitar nazorati davlat inspektori Muhammadyahyo Qo‘ldoshev. – Laboratoriya xulosasiga asosan biz fitosanitariya seritifikati rasmiylashtirib beramiz. Bundan tashqari, yilda bir marta muzlatkichli omborlarni zararsizlantirish ishlari olib boriladi.


2024 yil yanvar-avgust oylari davomida ular tomonidan jami 215564 tonna mahsulot nazoratdan o‘tkazilib, 17074 ta xalqaro fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirildi. Shundan 15496 tonna gilos, 34880 tonna o‘rik, 50861 tonna shaftoli, va yana olxo‘ri, tarvuz, qovun, pomidor, jami 44197 tonna boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlandi. Asosiy eksport bozorlari Rossiya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Xitoy, Turkiya va jami 70 dan ziyod mamlakatdir.

Quva tumanidagi “Yingtai Agricultural Food Technology” MCHJ xorijiy korxonasi to‘rt yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. U asosan g‘aynoli, o‘rik, uzum quritadi. 2000 tonnadan ziyod sig‘imli muzlatgichi ham mavjud. Quritilgan, saralangan mahsulotlar yuz foiz eksport qilinmoqda. Masalan, 2023 yil yakuniga ko‘ra, 500 tonna quritilgan meva eksportga jo‘natilgan edi. Bu yil u 800 tonnaga yetishi mo‘ljallanmoqda. Fitosanitariya xizmati davlat nazoratchilari korxona bilan yaqin hamkorlikda ishlayapti.


– Yil boshidan buyon shu korxonada ishlab chiqarilgan 300 tonnadan ziyod quritilgan olxo‘ri eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirildi. Yana mayiz, yong‘oq eksporti uchun ham laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda, – deydi Muhammadyahyo Qo‘ldoshev.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KoekU5w33VA" title="Eksportgacha fitosanitariya nazorati taʼminlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimi mutaxassislari viloyatda 74,4 ming gektar maydonda tuproqning agrokimyoviy xaritasini ishlab chiqdilar. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun 380 ta ochiq davra suhbati va ko‘rgazmali dala seminarlari o‘tkazishdi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari