Hududlarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksportbop ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda bojxona tartib-taomillaridan samarali foydalanish mexanizmlarini amaliyotga keng joriy etish maqsadida Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi bo‘yicha joylarda tizimli ravishda sayyor uchrashuvlar, amaliy muloqotlar va maslahatlar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida navbatdagi uchrashuvlar Vobkent tumani hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalarda o‘tkazildi. Uchrashuvlar jarayonida asosiy e’tibor korxonalar tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi imkoniyatlaridan to‘liq, tizimli va maqsadli foydalanishni yo‘lga qo‘yish, uni ishlab chiqarish jarayoniga integratsiya qilish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish hamda eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish masalalariga qaratildi.

Bojxona mutaxassislari tomonidan tadbirkorlarga mazkur rejimning huquqiy asoslari, amal qilish tartibi, texnik mexanizmlari, bojxona imtiyozlari, soliq yukini optimallashtirish imkoniyatlari, xom ashyo import qilish va uni qayta ishlab tayyor mahsulot sifatida eksportga chiqarish jarayonlarining bosqichma-bosqich tartibi atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, tovarlarni rasmiylashtirishda hujjatlashtirish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron bojxona platformalari, deklaratsiyalash tizimi, logistika zanjirlarini optimallashtirish hamda tashqi bozorlar bilan ishlashda huquqiy va iqtisodiy xavf-xatarlarni boshqarish usullari yuzasidan ham aniq yo‘riqnomalar berildi.

Xususan, “Lux Pet Plast” MCHJda bo‘lib o‘tgan muloqotda korxona jamoasiga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi bilan bir qatorda vakolatli iqtisodiy operator maqomining strategik afzalliklari, tezlashtirilgan bojxona tartib-taomillari, kamaytirilgan tekshiruvlar, ishonchli sub’ekt sifatida tan olinish, logistika xarajatlarini qisqartirish va eksport jarayonlarini jadallashtirish imkoniyatlari keng yoritib berildi.

Shuningdek, tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish tartibi, eksport shartnomalarini tuzish, xalqaro savdo qoidalari, sertifikatlashtirish, texnik reglamentlar, mahsulot sifati standartlari hamda eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy, logistik va huquqiy tavakkalchiliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks tavsiyalar taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, korxona tomonidan 2025-yilning o‘tgan davrida qariyb 10 ming AQSH dollari qiymatidagi, umumiy vazni 5 tonnaga yaqin plastmassa mahsulotlari MDH davlatlariga eksport qilingan. Ushbu ko‘rsatkichlar korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati barqaror rivojlanayotganini, eksport geografiyasi bosqichma-bosqich kengayayotganini va ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanilayotganini yaqqol namoyon etadi.

Shu kabi amaliy muloqot “SOFT DENIM TEXTILES” MCHJda ham tashkil etildi. Uchrashuv davomida korxona rahbariyati va mutaxassislari “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga qiziqish bildirib, uni ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etish orqali xomashyo importi va tayyor mahsulot eksporti o‘rtasida samarali iqtisodiy zanjir yaratishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning o‘tgan qismida qariyb 5 ming AQSH dollari qiymatidagi, umumiy vazni 1 tonnaga yaqin tayyor kiyim-kechak mahsulotlari Rossiya bozoriga eksport qilingan. Joriy yilda esa qayta ishlash mexanizmlaridan samarali foydalanish, logistika tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va tashqi bozorlar geografiyasini yanada kengaytirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
Joylarda tashkil etilayotgan bunday tizimli uchrashuvlar va amaliy muloqotlar nafaqat bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, balki ishlab chiqarish quvvatlaridan unumli foydalanish, mahsulot tannarxini pasaytirish, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri