Namanganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda ularga keng sharoitlarni yaratish maqsadida logistika kompaniyalari vakillari va havo transporti orqali eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi, Namangan xalqaro aeroporti, "MuFreighter" xususiy aviakompaniyasi mas’ullari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Namangan filiali, viloyat bojxona, transport, qishloq xo‘jaligi, davlat soliq hamda o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalari mutasaddilari ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Saidahmad Sultonov uchrashuv avvalida, mamlakatimizda so‘nggi olti yilda tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga bo‘lgan e’tibor ko‘lami ortganligini ta’kidladi. Xususan, Respublika Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etilgan bo‘lib, eksport hajmini oshirish uchun eksport qiluvchi korxonalarga moliyaviy jihatdan ko‘mak berib kelinmoqda. Jahon bozorlarida raqobat keskinlashib borayotgan ayni sharoit mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali yangi bozorlarga kirib borish va an’anaviy bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
[gallery-10527]
“Namangan xalqaro aeroporti” MCHJ direktori Qobiljon Abdunazarovning qayd etishicha, sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangan, kichik biznes sub’ektlari soni mutassil ravishda o‘sib borayotgan Namangan viloyatida xususiy tadbirkorlar, ayniqsa eksportyor korxonalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Xususan, vodiy havo darvozasida logistika kompaniyalari vakillari va yuk jo‘natuvchi tadbirkorlarning mahsulotlari tashuvi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Xususan, tekstil yo‘nalishida mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarning mahsulotlari eksporti uchun yuk tashuvlarini amalga oshirishga imtiyozli narxlar belgilangan. Qolaversa, eksportbop tashuvlarni Samarqand va Toshkent shaharlari orqali jo‘natayotgan tadbirkorlar uchun Namangan viloyatidan yuklarni eltib berishda amaliy yordam ko‘rsatiladi. Yuk tashuvlarga mo‘ljallangan "MuFreighter" xususiy aviakompaniyasi bugungi kunda mijozlarga “osmon malikasi” nomi bilan mashhur “Boing 477” rusumli havo layneri orqali xizmat qilmoqda. Qolaversa, mahsulotlarni aerportgacha yetkazishda transport vositalari orqali logistik xizmatlar ham ko‘rsatiladi.
Tadbirda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Namangan xalqaro aeroportidan yuklarni eksport qilish, yengil va og‘ir hajmdagi yuklarni amalga oshirish, tariflarni qulay narxlarda belgilash borasidagi taklif va murojaatlar bildirildi. Ayrim muammolar borligi tilga olindi. Masalan, Chust tumanidagi “Chust Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘tgan 2022 yilda Namangan xalqaro aeroportidan 16 ta reysda 24 tonna yuk Rossiyaga tashilgan bo‘lsa, Toshkent xalqaro aeroportidan 62 tonnaga yaqin yuk jo‘natilgan. Solishtirish uchun bunga jamiyat tomonidan Namangandan yuborilgan yuklarga 186 million so‘m, poytaxtdan esa 512 million so‘m mablag‘ sarflangan. Demak, tadbirkorlar mablag‘i tejalishi, qolaversa, mahalliy tashuvchilar uchun ham manfaatli bo‘lishi uchun Namangan xalqaro aeroportidan yuqori hajmga ega bo‘lgan yuk tashuvlarini ko‘proq amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Uchrashuvda tadbirkorlar havo transporti orqali eksport qilish tartibi, aeroportda yuklarni yuborish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yuklarga va havo kemalariga xizmat ko‘rsatish hamda sohaga doir boshqa zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.