Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksportbop mahsulotlar sanitar standartlarga muvofiqlashtiriladi
10:43 / 2025-06-12

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev Sirdaryo viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – eksportga yo‘naltirilgan mahalliy mahsulotlarni xalqaro sanitar talablarga muvofiq sertifikatlash, ular uchun texnologik hujjatlarni rasmiylashtirish va soha tadbirkorlarini amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Muloqot davomida Xovos tumanidagi “RS Success Agro” biotexnologiya industrial kompleksi tomonidan ishlab chiqarilayotgan asal, kanop moyi, choy va kosmetik vositalar (“Leodar”, “Leoria”, “Hemporama”, “Steppe Honey” savdo belgilari ostida) bilan bog‘liq eksport loyihalari taqdim etildi. Xususan, ushbu mahsulotlarni arab mamlakatlariga eksport qilish hamda ichki bozorda iste’molga tavsiya etish uchun zarur bo‘lgan sanitariya-epidemiologik xulosalar va milliy standartlarga muvofiq texnologiyalarni ishlab chiqishdagi muammolar tilga olindi.

Tadbirkorlar tomonidan ushbu mahsulotlar uchun texnologik yo‘riqnomalar yaratish, standartlashtirish va sanitar ekspertizadan o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘raldi.

Sanepidqo‘mita raisi Bahodir Yusupaliyev bu borada shunday fikr bildirdi:

– Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan eksportbop mahsulotlar xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lishi uchun ular sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq javob berishi shart. Qo‘mita tomonidan sanitar-epidemiologik xulosalarni berish, texnologik hujjatlarni tayyorlash va milliy standartlarga muvofiqlashtirish borasida har tomonlama ko‘mak ko‘rsatiladi. Bu nafaqat aholi salomatligi, balki mamlakat iqtisodiy salohiyatining yuksalishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Tadbir yakunida mahsulotlarni sanitar ekspertizadan o‘tkazish, texnik hujjatlar bilan ta’minlash va eksport sertifikatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida Sanepidqo‘mita hamda tadbirkorlar o‘rtasida alohida ishchi guruh tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri