O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Fransiyaning nufuzli xalqaro “Bureau Veritas” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan tizimli o‘zgarishlar, xususan, sifat infratuzilmasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni keng joriy etish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish eksport hajmini ko‘paytirish va mahsulotlarning tashqi bozorlarga erkin chiqishini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.

Tomonlar laboratoriya sinovlari sohasida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy va innovatsion sinov usullarini joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro standartlar va menejment tizimlarini amaliyotga keng tatbiq etish, muvofiqlikni baholash jarayonlarini raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“Bureau Veritas” vakillari sohani xalqaro andozalarga uyg‘unlashtirish, global standartlardan samarali foydalanish muhitini yaratish hamda zamonaviy baholash mexanizmlarini joriy etish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ular bunday hamkorlik nafaqat sifat nazorati tizimini mustahkamlash, balki investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga ham xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur muloqot o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqaro ilg‘or tajribani milliy amaliyotga samarali joriy etish va sifat infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA