Eksport va import qilinayotgan mahsulotlar karantin nazoratidan oʻtkazilmoqda
Andijon viloyati oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida eksportga yoʻnaltirilgan 32 ming 241 tonna qishloq xoʻjaligi va sanoat yuklari belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtkazildi.
Andijon viloyati oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida eksportga yoʻnaltirilgan 32 ming 241 tonna qishloq xoʻjaligi va sanoat yuklari belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtkazildi.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy etilgan boʻlishiga qaramasdan Oʻzbekiston va boshqa davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar davom etmoqda. Viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat hamda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksport qilinib, xorijiy davlatlardan ham koʻplab turdagi mahsulotlar olib kelinmoqda. Albatta eksport va import qilinayotgan barcha turdagi mahsulotlar belgilangan tartib asosida karantin inspeksiyasi koʻrigidan oʻtkazilmoqda.
– Inspeksiyamiz mutaxassislari tomonidan joriy yilning birinchi choragida eksportga yoʻnaltirilgan 32 ming 241 tonna qishloq xoʻjaligi va sanoat yuklari koʻrikdan oʻtkazildi, – deydi Andijon viloyati oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi boshligʻi Abdukarim Jamilov. – Ana shu mahsulotlar uchun tegishli tartibda 1 ming 814 ta xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikatlar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, viloyatga xorijdan import tariqasida 10 ming 829 tonna qishloq xoʻjaligi, 5 ming 211 kubometr yogʻoch, 19 ming 601 metr kvadrat yogʻoch mahsulotlari, 13 ming 697 tub manzarali gul koʻchatlari olib kelindi. Ana shu mahsulotlarga 470 ta karantin koʻrigi dalolatnomasi rasmiylashtirildi.
“Doʻstlik” va “Madaniyat” oʻsimliklar karantini chegara maskanlari orqali viloyatdan fuqarolar tomonidan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasiga qoʻl yuki sifatida olib chiqib ketilgan 99 ming 810 kilogram qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantin nazoratidan oʻtkazilib, ularga 3 ming327 ta xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, chegara maskanlaridan yurtimizga olib kirilayotgan 74 tonna qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsuloti, shuningdek 306 dona boshqa turdagi mahsulotlarning tegishli tartibdagi fitosanitar sertifikati va karantin ruxsatnomasi boʻlmaganligi sababli chegara maskani inspektorlari tomonidan dalolatnomalar rasmiylashtirilib, ortga qaytarib yuborilgan.
Pandemiya sharoitida viloyat oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan xalqimiz salomatligini saqlash, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar qatʼiy tartib asosida olib borilmoqda.