Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksport uchun yo‘naltirilgan mahsulotlar
19:11 / 2026-01-19

Yevropa bozorida Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Har bir yangi ish o‘rni va ishlab chiqarilgan mahsulot nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi, balki Yangi O‘zbekiston brendini xalqaro maydonda tanitishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining Namanganga tashrifida viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida sanoatni jadal rivojlantirishda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, tekstil mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqishini rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlanib zarur topshiriqlar berildi. 

Mazkur topshiriqlar doirasida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘tgan haftaning dam olish kunlarida olib borgan o‘rganishlari chog‘ida Namangan shahrining Yangi asr mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Mustang textile” va “Asror textile” ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Eksportga yo‘naltirilgan barqaror ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilgan, tikuvchilikka ixtisoslashgan “Mustang textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat viloyatning eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. 

[gallery-27190]

Hozirda ushbu korxonada kuniga 500 dona erkaklar kiyimi ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar asosan eksport uchun yo‘naltirilib, ular Polsha, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston davlatlariga yetkazib berilmoqda. 170 kishi ish bilan ta’minlagan korxonada o‘tgan 2025 yil uchun belgilangan 1 million dollarlik eksport rejasi ortig‘i bilan bajarilgan. Viloyat rahbari boshchiligidagi ishchi guruhi o‘rganishida ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. 

Bugungi kunda Namangan viloyatidagi “Iftixor kiyim sanoat”, “Fazman tekstil”, “Ideal orzu tekstil” kabi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake’S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” kabi dunyoga mashhur brendlar buyurtmalariga asosan mahsulot tayyorlanmoqda. 

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Asror textile” tikuv korxonasi faoliyati bilan ham tanishuv chog‘ida ayni shu jihatlarga e’tibor qaratib, brendlar bilan ishlashning ahamiyatiga to‘xtaldi. Tekstil yo‘nalishidagi mazkur korxona bugungi kunda mingdan ziyod yigit-qizlarning bandligini ta’minlagan. Jamiyat sexlarida asosan erkaklar uchun kostyum-shim ishlab chiqariladi. Mahsulotlar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar hamda Yevropaning bir qator davlatlariga eksport qilinmoqda. Ta’kidlash joiz, korxona tomonidan o‘tgan yil mobaynida 10 million AQSH dollari miqdoridagi eksport amaliyoti bajarildi. 

Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishar ekan, tadbirkor bilan muloqotda sifat nazorati va yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.