Buxoro viloyatida bojxona boshqarmasi mutasaddilari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar eksporti bilan bog‘liq muammolarni hal etishga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bojxona organi xodimlarining “Le Uat De Bukhara” MCHJda bo‘lib o‘tgan sayyor o‘rganishlarida aynan ishlab chiqarish va eksportga oid muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv davomida bojxona mas’ullari eksport hajmi prognozlariga ham ahamiyat berdi. Korxona paxtadan kalava ishlab chiqarish loyihasi asosida faoliyat ko‘rsatadi. 2024-2025 yillarda kompaniya 526 ming tonna kalava mahsulotini 2 million AQSH dollaridan ortiqroq qiymatda Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina davlatlariga eksport qilgan.

Shuningdek, korxona “Eksport uch qadamda” tizimidan samarali foydalanib kelayotgan eksportyorlar qatoriga kiradi. Muloqot jarayonida, korxona mas’ullari aynan “Eksport uch qadamda” tizimining yo‘lga qo‘yilishi va uning tadbirkorlarga haqiqatda qo‘l kelishini o‘z tajribalarida sinaganliklarini ta’kidlab o‘tdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri