Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar samara bermoqda
18:31 / 2026-01-09

Mamlakatda mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishni kengaytirish, ishlab chiqarishda sifat talablarini oshirish hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash va ularning muammolarini joyida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu doirada 46 mingdan ortiq korxona faoliyati tahlil qilinib, eksportga to‘sqinlik qilayotgan omillar aniqlandi va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Korxonalarga xalqaro bozorlarga chiqishda qo‘llaniladigan talablar, shuningdek, GSP+ tizimi doirasidagi imkoniyatlar va imtiyozlar bo‘yicha tushuntirish ishlari ham olib borildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faolligi oshdi. Xususan, 2024 yilda 1 614 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 17 mlrd AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sishni qayd etdi.

Ayniqsa, AQSH va Yevropa bozorlariga chiqishda ijobiy dinamika kuzatildi. Ushbu yo‘nalishda eksportyor korxonalar soni ortib, jami 78,2 mln AQSH dollari qiymatida mahsulot yetkazib berildi. Natijada mazkur bozorlarga eksport hajmi 39 foizga oshdi.

Amaliy yordamning samarasi alohida korxonalar misolida ham namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, “Basalt Engineering Corp” MCHJ QKga xalqaro akkreditatsiya va standartlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatilgan ko‘mak natijasida qurilish mahsulotlari AQSH, Yevropa hamda MDH davlatlariga eksport qilindi.

Shuningdek, “BETLIS TEKSTIL” MCHJ GSP+ imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropa Ittifoqi davlatlariga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.

“SIRDARYO MEGA LUKS” MCHJ esa xalqaro ISO standartlari asosida sertifikatlashtirishdan o‘tib, qo‘shni va mintaqaviy bozorlarga mahsulot eksportini kengaytirishga erishdi.

Qayd etilishicha, sifat infratuzilmasini mustahkamlash, standartlar bilan ishlash va korxonalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash eksport hajmlarini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.