Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksport salohiyatini oshirish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda
13:57 / 2023-01-19

Prezidentimiz tomonidan shu yil 10 yanvar kuni «Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.

Paxta-to‘qimachilik sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim sohalaridan biri hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, u hududlarni rivojlantirish, qishloq joylarida ishlab chiqarish quvvatini barpo etish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, eksport hajmini ko‘paytirishda lokomotiv vazifasini o‘taydi. Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan islohotlarning yangi bosqichida paxta-to‘qimachilik jabhasi tubdan yangilanib, klaster tizimi joriy etildi.

Aytish joizki, qishloq xo‘jaligi va sanoatni uyg‘unlashgan ushbu innovatsion usul tezda o‘zini oqladi. Muhim sanoat xom ashyosi yetishtirish hajmi oshib, sifati yaxshilanishi barobarida, tolani o‘zimizda to‘liq qayta ishlashga erishildi. Bunda O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi tizimida faoliyat yuritayotgan 134 ta klaster asosiy kuchga aylandi. Binobarin, hozirgi paytda paxta yetishtirish, uni yig‘ishtirib, birlamchi va chuqur qayta ishlash, eksport qilish bilan klasterlar faol shug‘ullanmoqda.

Darhaqiqat, klaster usulining sharofati bilan 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi. Natijada kalava ipni qayta ishlash darajasi 45 foizga yetkazildi. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi kutilyapti. Chunki davlatimiz rahbari tomonidan klasterlar oldiga chetga yarim tayyor mahsulot emas, balki qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot eksport qilish vazifasi qo‘yilgan. Prezidentimizning «Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ushbu maqsadga erishishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

CHETGA TAYYOR MAHSULOTLAR SOTISH HAJMI OSHDI

Jahon to‘qimachilik bozorida raqobat tobora kuchayib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston mahsulotlariga talab ortmoqda. Sababi, bizning mahsulotlarimiz tabiiyligi, sifatining yuqoriligi va narxining maqbulligi bilan xaridorlar e’tiborini tortyapti. 2022 yilda 3 milliard 229,2 million AQSH dollarlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qilingani, o‘sish sur’ati avvalgi yildagiga nisbatan 10,2 foizga oshgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Quvonarlisi, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 41,5 foizni tashkil etdi. Bu 2021 yildagiga nisbatan 44 foiz o‘sishga erishildi, deganidir. Shu o‘rinda bunday ijobiy natijaga erishilishida eksportchi korxonalar soni 96 taga ko‘paytirilib, 1503 taga yetkazilgani muhim omil bo‘ldi.

bugungi kunda to‘qimachilik mahsulotlarimizni asosan Hamdo‘stlik davlatlari (2 107,8 mln. doll.), Turkiya (535,2 mln. doll.), Xitoy (248,8 mln. doll.) import qilayotgan bo‘lsa, endilikda hamkorlarimiz Yevropa davlatlari hisobiga yanada kengayadi. Negaki, o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan global boykot bekor qilingach, «ko‘hna qit’a» mamlakatlari, qolaversa, xalqaro brendlar ushbu yo‘nalishda savdo-sarmoyaviy aloqalarini yo‘lga qo‘yib, buyurtmalarini O‘zbekistonga joylashtira boshladi.

Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, paxta-to‘qimachilik klasterlari har bir tumanda drayverga aylandi. Shu bois, joriy yilda barcha imkoniyatlar ishga solingan holda hududlarning eksport geografiyasini kengaytirish, to‘qimachilik mahsulotlarining eksport hajmini  5 milliard dollardan oshirish kutilmoqda. Prezident farmoniga muvofiq, paxta-to‘qimachilik klasterlari va ularning to‘qimachilik fabrikalariga taqdim etilayotgan imtiyoz, yengilliklar chet el buyurtmalarini bajarish va eksport hajmini oshirishda rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.

ISHLAB CHIQARISH 2 BAROBARGA ORTADI

Xorijiy ishlab chiqaruvchilar jahon bozorlaridagi raqobatni yengish maqsadida aralash turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga xarajatlarni kamaytirishga intilmoqda. Bu esa kutilgan samarani bermoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan ana shunday murakkab sharoitda klaster va boshqa ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi imtiyozlar berilayotir. Buning zamirida keyingi besh yilda paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,1 barobapga va eksport ko‘rsatkichini 2,6 baravarga oshirish, bir so‘z bilan aytganda, paxta-to‘qimachilik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadi mujassam.

Chindan ham, birgina 2023 yil davomida tikuv-trikotaj mahsulotlari chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini 65 foizdan 81 foizga oshirish, 35 mingta bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismini ijtimoiy daftarlarga kirgan aholi vakillari hisobidan to‘ldirish, pirovardida eksport hajmini salkam 2 barobarga ko‘paytirish kutilmoqda.

Bu marrani zabt etish uchun imkoniyatlar yetarli. Eng asosiysi, ushbu vazifani ado etish maqsadida aniq chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Ya’ni paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 225,6 million dollarlik investitsiya jalb etilib, 331 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 32,1 mingta yangi ish joylari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

PAXTA-TO‘QIMACHILIKDA TO‘LIQ «SANOAT ZANJIRI» YARATILADI

Mamlakatimiz rahbarining paxta-to‘qimachilik klasterlarini joriy etishdan asl maqsadi ham paxtani qayta ishlashning besh bosqichli «sanoat zanjiri»ni yaratish va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari bilan dunyo bozoriga chiqishdir. Shu bois farmonga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatidagi mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish uchun taqdim etilayotgan moliyaviy ko‘mak klasterning ushbu yo‘nalishdagi ishlariga yangicha ma’no-mazmun baxsh etadi.

Gap shundaki, eksport qiluvchi korxonalarni uzluksiz, jumladan, revolver kreditlash asosida aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun 200 million dollar 3 yil muddatga yillik 4 foiz stavkada ajratilmoqda.

Shu bilan birga, gazlama, gilamchilik, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga tijorat banklarida, ularning buyurtmasiga asosan 100 million dollar miqdorida 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada va qolgan davr uchun yillik 5 foiz stavkada kredit liniyalari ochiladi.

Bundan tashqari, eksport oldi va eksport bilan bog‘liq tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 1 milliondan 5 milliongacha mablag‘ beriladi. Mazkur resurslar oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda, 3 yilgacha muddatga ajratiladi. Shuningdek, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritishni joriy qilish xarajatlarining teng yarmi qoplab beriladi.

E’tiborlisi, hujjatda moliyalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar aniq ko‘rsatib berilgan. Masalan, shu yilning birinchi choragida soha korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun 2 yil muddatga 500 million dollar jalb qilinadi.

KICHIK SANOAT ZONALARI TASHKIL ETILADI

Farmonga muvofiq, yurtimizda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda taniqli brendlar vakillarining ishtiroki ta’minlanadi. Bu boradagi xarajatlar Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.

Mahalliy korxonalar mahsulotiga xalqaro sertifikatlarni taqdim etuvchi kamida uchta yirik xorijiy kompaniyaning vakolatxonasi tashkil etilishi esa yurtimizdagi ishlab chiqaruvchilar uchun ayni muddaodir.

Yana bir yangilik. To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda «Savdo uyi» va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 100 ming AQSH dollarigacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat berildi.

Respublikamizning 4 hududi — Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida to‘qimachilikka ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari», «Hududgazta’minot», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari hamda mahalliy hokimliklarga zarur infratuzilma ob’ektlarini barpo etish va kommunikatsiya tarmoqlariga ulash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, sobiq «O‘zpaxtasanoat» AJ balansidagi bo‘sh turgan paxta terminallari negizida ham to‘qimachilikka ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Ba’zi bino va inshootlardan esa import qilingan xom ashyo omborlari sifatida foydalaniladi.

Klasterlar bilan hamkorlik qilib kelayotgan paxtachilik fermer xo‘jaliklariga ham imtiyozlar berilyapti. Xususan, fermer xo‘jaliklari tomonidan 2022 yil hosili uchun hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan bo‘lsa, buning uchun endilikda penya hisoblanmaydi.

KADRLAR TAYYORLASHDA YANGICHA YONDASHUV

Prezident farmonida paxta-to‘qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlashda yangicha yondashish, xorijning ilg‘or ta’lim dasturlarini qo‘llash masalasi ham qamrab olingani alohida e’tiborga molikdir.

Aytaylik, tikuvchi, bichuvchi, yigiruvchi, mexanik kabi talab yuqori bo‘lgan profesional kasb egalari endilikda dual ta’lim tizimi asosida tayyorlanadi. Buning uchun 2023 yil 1 aprelga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida Germaniya va Turkiya davlatlari tajribasi asosida pilot loyihalar amalga oshiriladi.

Yuqori malakali injener, texnolog, dizayner, marketolog mutaxassislarini tayyorlash borasida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti 2023/2024 o‘quv yilidan e’tiboran Germaniya, Turkiya va boshqa xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini hayotga tatbiq etadi.

Turkiyaning nufuzli to‘qimachilik instituti bilan hamkorlikda Andijon viloyatida zamonaviy innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish yuzasidan tegishli qaror loyihasini 2023 yil 1 avgustgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritish nazarda tutilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning yangi farmoni paxta-to‘qimachilik klasterlari rivojiga soya solib turgan sun’iy to‘siq va g‘ovlarni olib tashlab, sanoatda inqilobiy o‘zgarishlar yasashi kutilmoqda. Unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi hududlarni sanoatlashtirish, aholi bandligini ta’minlab, kambag‘alchilikni qisqartirish, eng muhimi, paxta tolasini chuqur qayta ishlashni to‘liq o‘zlashtirib, eksport salohiyatini oshirishda klasterlar chinakam drayverga aylanadi.

Sa’dulla TOJIEV,

O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari

uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari,

iqtisod fanlari nomzodi