Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eksport hajmini oshirishga kelishib olindi
12:57 / 2026-03-05

Jizzax viloyatining tog‘li Baxmal tumaniga Turkiyaning "Frucht Jager" savdo kompaniyasi rahbari Mehmet Akif Bozkurt (Mehmet Akif Bozkurt) tashrif buyurib, hududning tabiiy iqlim sharoiti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportdagi ulushi hamda agrar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari Feruzbek Hamzayev va kompaniya vakillari ishtirok etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Mehmonlar joylarga chiqib, bog‘dorchilik va asalarichilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar bilan ham yaqindan tanishdilar.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda agrar sohani modernizatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va tashqi bozorlar geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida eksport hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xalqaro bozorlarga chiqarishni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining agrar sohada eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan qarorlari hududlarda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Baxmal tumanining tog‘li iqlimi, ekologik tozaligi va tabiiy sharoiti bog‘dorchilik hamda asalarichilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Shu bois xorijiy kompaniya vakillarining hudud imkoniyatlariga qiziqish bildirishi mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar meva va asal mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishishdi. Bunday hamkorlik kelgusida eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri