Jismoniy tarbiya ruhiy tarbiya bilan yonma-yon yuradi. Sportda nafaqat jismonan kuchlilik, balki iroda, hatto fikrlash ham muhim.
Sport psixologiyasi tushunchasi ilk bor 1920 yillarda Germaniyada paydo bo‘lgan, keyinchalik jismoniy madaniyat sifatida rivojlanib borgan.
Sportchi yillar mobaynida faqat muskullariga e’tibor qaratib, mashq qilsayu, turli vaziyatlarga, zarbalarga ruhan tayyor bo‘lmasa, uning muvaffaqiyat qozonishi qiyin. Ayrim hollarda bir marta g‘olib bo‘lgan chempion ikkinchi, uchinchi marralarni zabt etishga harakat qilmay qo‘yishi ham mumkin. Shuning uchun sport psixologiyasi muvaffaqiyatga erishishning kalitlaridan biri sanaladi.
Yurtimizda sport psixologiyasi qanchalik rivojlangan? Sportchilar bilan ishlovchi psixolog murabbiylar qanday bilimga ega bo‘lishi lozim? Bu borada yurtdoshlarimiz va xorijlik mutaxassislar fikrlariga quloq tutdik.
Psixolog murabbiylarning aytishicha, kasalliklarning 80 foizi ruhiyat zo‘riqishidan kelib chiqadi va rivojlanadi. Gohida mag‘lubiyatga uchragan sportchi (ayniqsa, yoshlar) raqibining oyog‘iga tepgan, chalgan, unga xo‘mraygan, turtgan holatlarni kuzatamiz. Hatto sport murabbiylarida ham.
– 15 yildan buyon karate bilan shug‘ullanaman, – deydi Sergeli tumanidagi “Sparta” karate to‘garagi rahbari Nodir Qobulov. – 6 yildan buyon beshta sport zalida yoshlarga karatedan mahorat sirlarini o‘rgataman. Mashg‘ulotlarda emotsional cho‘chish vaziyatlari ko‘p kuzatiladi. Bunga ko‘proq tashqi omillar sabab bo‘ladi. Bunday paytlarda bolalarni urishmay yaxshi gap bilan ruhlantirishga harakat qilamiz. Umuman, psixolog murabbiy har bir bolaning xarakteri, oilaviy holatigacha bilishi, har biriga o‘ziga yarasha yondashishi kerak.
Yurtdoshlarimiz va xalqaro ekspertlar fikrini yig‘ish maqsadida sport zallarida shug‘ullanayotgan sportchilarni kuzatar ekanmiz, bu sohadagi og‘riqli masalalardan biri chet tillarni bilmaslik ekanini angladik. Til bilmaslik ham sportchining ruhiyatiga ta’sir etishi, tushunmagan narsasini so‘rashga ikkilanish, qo‘rquv, hadik tuyg‘ulari yuzaga kelishiga, natijada o‘ziga bo‘lgan ishonchning so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin.
– O‘tgan hafta O‘zbekistonda ilk bor kurash bo‘yicha xalqaro o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Unda 25 mamlakatdan 60 nafar kurashchi va murabbiylar jam bo‘ldi. Sportchilarga fiziologiya, anatomiya, psixologiya mavzularida nazariy va amaliy seminar o‘tdik, – deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori Muhammad Rizo Nosiriy. – Bu COVID-19 pandemiyasi davrida sportchilarni ham jismonan, ham ruhan chiniqtiradigan yaxshi tashabbus bo‘ldi. Ayniqsa, oxirgi ikki kun faqat bolalar bilan ishladik. O‘quv seminarda Gretsiya, Eron va boshqa mamlakatlardan kelgan ekspertlar tajribalari bilan bo‘lishdi. Sportchi uchun psixolog juda muhim sanaladi. Sababi, jismoniy tayyorgarlik ortida juda katta ruhiy tayyorgarlik yotadi. Afsuski, sport psixologiyasi dunyo bo‘yicha yetarli darajada rivojlanmagan.
Psixolog-murabbiylarning ta’kidlashicha, musobaqalarga tayyorgarlikda ham individual, ham jamoaviy ishlash ruhiyatini rivojlantirish muhim jihatlardan sanaladi. Nega deganda, hamma sportchi ham psixolog oldiga borib dardini aytavermaydi. Ruhiy tayyor bo‘lmagan odam muxlislari uning natijalaridan xafa bo‘lib qolsa, qayta e’tibor qozonishga harakat qilmaydi, taslim bo‘lib qo‘ya qoladi.
– Har bir ustoz o‘z shogirdining fe’l-atvorini yaxshi biladi. Ammo ruhiy tayyorgarlik bu butunlay boshqa masala. Sport psixologi sinchkov, e’tiborli bo‘lishi kerak. Bu, ayniqsa, ayollar sportida muhim, – deydi hindistonlik ekspert Neina Saini.
Insonda sportga ishtiyoq bo‘lmasa har qancha qo‘llamang, undan chempion chiqmaydi. Buni esa ko‘proq ruhiyatshunoslar farqlaydi. Qolaversa, mag‘lubiyatga uchragan sportchining yana oyoqqa turib ketishi va yo‘lida davom etishida eng muhim tirgak vazifalardan birini psixolog murabbiy bajaradi. Ehtimol, sportga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida bunga kengroq e’tibor qaratish lozimdir.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda ushbu soha kelgusida yanada rivoj topishiga umid qilamiz. Zero, g‘alabaning bir kaliti jismoniy tarbiya bo‘lsa, ikkinchi kaliti ruhiy tarbiyadir.
<iframe width="1440" height="757" src="https://www.youtube.com/embed/I7AVtZHA54g" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Yulduz O‘rmonova,
Nozimjon Mardonov (video), O‘zA