Har bir kasb egasi halollikni o‘z oldiga maqsad qilsa, hurmat-obro‘ topadi. Nafs kuyiga kirganlar esa qilmishiga yarasha albatta, jazo oladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rilgan sudlanuvchi N.A(ayol)ga oid O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ochilgan jinoyat ishi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Unga ko‘ra, N.A 2009 yildan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati filiali shifokor-narkologi va 2022 yildan ixtisoslashtirilgan tibbiyot komissiyasi a’zosi, narkologik ekspertizalarni nazorat qilish shifokor-narkologi lavozimida ishlab kelgan. U o‘ziga berilgan narkologiya ekspertizalarini o‘tkazish va xulosalar berish, ekspertiza o‘tkazilishini nazorat qilish kabi vakolatlardan foydalanib, davlat muassasasining mansabdor shaxsi bo‘lgani holda, noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirishni ko‘zlagan ko‘rinadi.
Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi G‘.A.ning ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha fuqaro X.A.ga nisbatan chiqarilgan qarorga asosan sudga oid narkologiya ekspertizasi tayinlangan. Shifokor N.A o‘z xizmat vakolatidan kelib chiqib, sud narkologiya ekspertizasidan o‘tish maqsadida kelgan X.A.ni ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazib, uni giyohvandlik moddasi iste’mol qilishga ruju qo‘yganligini, unga nisbatan majburiy tibbiy davolanishga muhtojligi haqida xulosa berilishini, agarda 2 million so‘m pul bersa ekspertiza xulosasini ijobiy hal qilib berishini ma’lum qiladi.
Shundan keyin u X.A tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan arizaga asosan shifokor-narkolog xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 1 million 500 ming so‘mni olgan vaqtida ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi N.A.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, Jinoyat Kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan hamda Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Sud hukmidan norozi bo‘lib yozgan shifokor ayolning apellyatsiya shikoyati Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, sudning hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Bu haqida Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi A.Sheraliyev ma’lum qildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA